Qirgʻiziston Respublikasi Qurolli kuchlari Milliy gvardiyasi delegatsiyasi Oʻzbekistonda

    Harbiy 13 May 2022 2369

    Joriy yil 9-mayda ikki tomonlama hamkorlik doirasida Qirgʻiziston Respublikasi Qurolli Kuchlari Milliy gvardiyasi qoʻmondoni polkovnik T.Ergeshov boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi.

    Ilgari, Oʻzbekiston tomonining tashabbusi bilan rahbarlarning idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan video-konferens-aloqa shaklida muzokaralari boʻlib oʻtgan edi.

    Tashrif Yangi Oʻzbekiston bogʻiga gullar qoʻyish va Mustaqillik monumenti bilan tanishish marosimidan boshlandi. Shundan soʻng, Milliy gvardiya Markaziy devonida Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor R.Djurayev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda qoʻmondon oʻrinbosarlari, Markaziy devon boshqarma boshliqlari, brigada komandirlari, shuningdek, Jamoat xavfsizligi universiteti va Milliy gvardiya ixtisoslashtirilgan oʻquv markazi rahbarlari ishtirok etib, hududiy boshqarmalar va hududiy oʻquv markazlaridan rahbarlar video-konferens-aloqa orqali qatnashdi.

    Uchrashuv davomida tomonlar yaqin istiqboldagi amaliy hamkorlik rejalarini muhokama qilib, ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Qirgʻiziston Respublikasi Qurolli kuchlari Milliy gvardiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv Memorandumini imzoladi.

    Tashrif dasturiga koʻra, delegatsiya aʼzolari Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi faoliyati va oʻquv jarayoni bilan tanishib, shu bilan bir qatorda Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasidagi “Shon-sharaf muzeyi” ga tashrif buyurdi.

    Delegatsiya aʼzolarining tashrifi anʼanaviy doʻstona muhitda va oʻzaro hurmat ruhida boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi matbuot xizmati.