Qirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarasida maxfiy tunnel topildi

    Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida yana bir yer osti yoʻli topildi. Bu haqda respublikaning Oʻsh viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, ushbu tunnel orqali odamlar va kontrabanda tovarlari Oʻzbekiston hududiga noqonuniy olib oʻtilgan. Jumladan, joriy yilning 5-aprel kuni viloyat IIB xodimlari Qirgʻiziston chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan Oʻzbekiston fuqarosini qoʻlga olgan. Surishtiruvlar natijasida, u qoʻshni mamlakatga ushbu yashirin tunnel orqali oʻtgani maʼlum boʻlgan.

    Shuningdek, 12-aprelga oʻtar kechasi Nooken tumanida Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasini noqonuniy kesib oʻtishni pul evaziga tashkil qilganlikda gumonlangan mahalliy aholi vakilini ham ushlagan.

    “Qoʻlga olish chogʻida gumonlanuvchidan maxsus belgili valyuta va tungi koʻrish durbinlari musodara qilindi. Shuningdek, u uyida dastlabki qiymati qariyb 30 ming dollarga teng 87 quti narkotik moddani saqlayotgani aniqlandi”, deyiladi xabarda.