Qirg'iziston va Tojikiston 17 kilometrlik chegara bo'yicha kelishib olishdi

    Qirg'iziston va Tojikiston vakillari 17 kilometrdan ortiq umumiy chegara bo'yicha kelishib olishdi. Bu haqda Qirg'iziston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

    “1-8-noyabr kunlari Tojikistonning So'g'd viloyatining Bo'ston shahrida Qirg'iziston va Tojikiston hukumat delegatsiyalarining qirg'iz-tojik chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo'yicha topografik ishchi guruhlarining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Topografik ishchi guruhlari Qirg'iziston-Tojikiston davlat chegarasining 17,98 kilometri bo'yicha kelishib olishdi.

    Matbuot xizmati xabariga ko'ra, tomonlar Qirg'iziston hududida bo'lib o'tadigan navbatdagi uchrashuvda qolgan hududlarni tavsiflash ustida ishlashni davom ettirishadi.

    Ikki respublika o'rtasidagi chegara uzunligi 970 kilometrdan ortiq. Hozirda chegara chizig'ining uchdan ikki qismidan ko'prog'i kelishilgan, deb xabar beradi tass.ru.