Qirgʻizistonda joriy yilning may oyida Markaziy Osiyodagi eng yirik togʻ-changʻi kurorti – “Uch choʻqqi” loyihasi qurilishi boshlanadi.
Bu haqda “Kirgiz Kurshevel” davlat korxonasi direktori Jarqinbek Maqsutov «Kabar» agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Unga koʻra, ayni paytda infratuzilma obyektlarining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Birinchi bosqich qurilishi 2026-yil dekabr oyida yakunlanadi va kurort oʻzining ilk sayyohlarini qabul qila oladi. Loyiha uch bosqichdan iborat: Jirgalan, Bozuchuk va Oq-Buloq.
«Bu togʻ-changʻi kurorti oʻziga xos sharoitlar yaratadi va Markaziy Osiyodagi eng yirik changʻi klasteriga aylanadi. Togʻ-changʻi yoʻlaklarining umumiy uzunligi 250 km, Jirgalanda esa 120 km.
Loyihada changʻichilar uchun noyob infratuzilma bilan bir qatorda mintaqaning madaniy xususiyatlari ham inobatga olinadi – Jirgalanda qirgʻiz naqshlari bilan bezatilgan masjid paydo boʻladi», – dedi loyiha rahbari.
Bosh reja yevropalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Hozirda Qirgʻiziston Respublikasi Davlat qurilish qoʻmitasi tomonidan bosh reja ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, joriy yilda Qirgʻiziston Respublikasi maʼmuriyati 8 ta binodan iborat uch yulduzli mehmonxonalar qurilishini boshlaydi. Sarmoyadorlarga toʻrt va besh yulduzli mehmonxonalar qurish taklif etiladi.
«Birinchi bosqichda Jirgalanada 3, 4 va 5 yulduzli toifadagi mehmonxonalardan iborat yagona etnoshaharga birlashtirilgan 49 ta mehmonxona quriladi. Eng baland bino 6 qavatdan iborat boʻladi», – dedi Maqsutov.
Dam olish maskani oʻrta va yuqori toifadagi sayyohlar uchun moʻljallangan boʻlib, har kim oʻz byudjetiga qarab dam olish uchun joy topa oladi.
Dam olish maskani yiliga 850 ming sayyohni qabul qila oladi. 4600 ta ish oʻrni yaratiladi, bu yaqin atrofdagi qishloq va tumanlar iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, mahalliy fermerlarga oʻz mahsulotlarini kurort hududiga yetkazib berish imkonini beradi.