Qirg'izistonda ota-onasini qariyalar uyiga topshirgan fuqarolarni javobgarlikka tortish taklif qilindi

    Qirg'izistonda ota-onasini qariyalar uyiga joylashtirgan farzandlarni javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda.

    Jo'qorg'i Kenesh deputati Tazabek Ikromov Jinoyat va Oila kodekslariga, shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati va munitsipal xizmat to'g'risida”gi qonunga o'zgartish va qo'shimchalarni taqdim etdi, unga ko'ra, mehnatga layoqatli farzandlarning keksa ota-onalar uchun javobgarligini kuchaytirish taklif etilmoqda.

    Deputatning aytishicha, bugungi kunda keksa ota-onalarni qariyalar uyiga topshirish odatiy holga aylangan.

    “Ijtimoiy muassasalarda keksalar soni ortib bormoqda. Ular turli sabablarga ko'ra u yerga topshirilmoqda, asosan farzandlar ularni tashlab ketishyapti. Ota-onasini tashlab ketgan fuqarolarni javobgarlikka tortish uchun sud qarori kerak. Lekin amalda birorta ota-ona farzandiga qarshi ariza yozmaydi. Ushbu qonun loyihasi qabul qilinsa, birorta shaxs qariyalar uyiga topshirilganida, muassasa rahbariyati huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza yuboradi va ish sudda ko'rib chiqiladi”, — dedi Tazabek Ikromov.

    Deputat ota-onasini qariyalar uyida qoldirgan fuqaro javobgarlikka tortilsa, jarima miqdorini 50 mingdan 100 ming somga oshirishni taklif qilmoqda. Bu norma Qirg'iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 179-moddasi “Bolalarning ota-onasini boqishdan bo'yin tovlash”da nazarda tutilmoqda.

    Shuningdek, deputat ota-onasini qarovsiz qoldirgan farzandlar davlat xizmatiga qabul qilinmaydigan qoida kiritishni taklif qildi.

    Qo'mita a'zolari qonun loyihasini birinchi o'qishda ma'qulladi, deb xabar beradi tengrinews.kz.