Mehmonlar 2-mart kuni ochiq osmon ostidagi muzey shahar – Ichan-Qalʼada kuy-qoʻshiqlar bilan kutib olindi.

Muzey — qoʻriqxona hududidagi Toshhovli saroyida “Sulaymon togʻ — butunjahon merosi obyekti” deb nomlangan koʻrgazmaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda soʻzga chiqqan “Ichan-Qala” davlat muzey – qoʻriqxonasi direktori Shonazar Matyaqubov, “Sulaymon togʻ” tarixiy – arxeologiya muzey majmuasi direktori Sultanbek Abdiraxmanov, Qirgʻiziston Respublikasi Madaniyat, axborot va turizm vazirligi vakili Nurzad Ubekeyeva, Oʻzbekistonning Qirgʻizistondagi elchixonasi vakili Oyjamol Qaramirzayeva va boshqalar yon qoʻshni - jon qoʻshni oʻzbek-qirgʻiz xalqlari doʻstlik va hamkorlik aloqalari yil sayin mustahkamlanayotganligini quvonch bilan taʼkidladilar. Koʻrgazmaning ochilishi ham ana shu hamkorlikning yaqqol ifodasi boʻldi.

Mezbonlar va mehmonlar millatlararo mehr-oqibatning, hamkasblararo hamkorlikning ramzi sifatida bir-birlariga esdalik sovgʻalari taqdim etishdi.

“Sulaymon togʻ” tarixiy arxeologiya muzey-majmuasi direktori S.Abdiraxmonovga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Faxriy yorligʻi tantanali ravishda topshirildi.

Koʻrgazmadan oʻrin olgan eksponatlar va ularning nusxalari, turli foto va tasviriy sanʼat namunalari Xivaga tashrif buyurgan xorijiy hamda mahalliy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Madaniy aloqalar har ikki muzey xodimlarining oʻzaro tajriba almashinuviga, soha rivojiga xizmat qilishi bilan bir qatorda hech shubhasiz, millatlararo doʻstlik hamda xalqaro turizm taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Ushbu koʻrgazmani yil oxirigacha namoyish etish rejalashtirilgan.

Maqsudbek ABDURASULOV,

Xivadagi Ichan-qalʼa muzey qoʻriqxonasi ilmiy xodimi