Prezidentimiz joriy yilning 27–28-iyul kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Bagʻdod tumanidagi “Xitoy” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, qishloqning mehmondoʻst, mehnatkash, samimiy odamlari bilan suhbatlashdi, ularning bugungi qaynoq hayoti bilan tanishdi. Bu tashrif koʻhna qishloqqa yangi hayot nafasini olib keldi, odamlar kayfiyati, ruhiyatini koʻtardi.
Qishloqning Xitoy deb atalishi boʻyicha ikkita rivoyat bor. Ulardan biriga koʻra, bu yerdagi oʻtloqda ikki aka-uka qirqta toy boqib, shu yerda qoʻnim topgan. Ikkinchi rivoyatga koʻra esa, Qoʻqon xonining qirqta toyi shu yerlarda yoʻqolib qolgan.
Yillar davomida quloqdan quloqqa oʻtib kelgan “Qirqta toy” soʻzi oʻz shakl-shamoyilini oʻzgartirib “Xitoy” boʻlib ketgan ekan. Aslida, har bir rivoyat ortida hayot haqiqati yotadi. Qadimdan sersuv, oʻtloq maskan sifatida eʼtirof etilgan qadim qishloqda hozir ham chorvachilik, dehqonchilik rivojlangan.
Qishloqda 2 ming 800 ga yaqin aholi yashaydi. Keyingi yillarda aholi turmush tarzi va farovonligini oshirish, xizmat koʻrsatish va sanoat tarmoqlari faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hududni har jihatdan obod goʻshaga aylantiryapti.
Eski pastqam devorli uylar oʻrnida zamonaviy uy-joy, savdo va xizmat koʻrsatish maskanlari qad rostladi. Nafaqat tomorqachilik, shu bilan birga, tikuvchilik, mebelsozlik, temirchilik, parrandachilik, baliqchilik yoʻnalishlarida yangi ishlab chiqarish tarmoqlari tashkil etildi.
Asosan yosh kadrlardan tashkil topgan mahalla “beshligi” faolligi, aholining hamjihatligi tufayli “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 4,5 kilometr ichki yoʻlning bir qismi asfaltlandi, bir qismiga shagʻal yotqizildi. Ichimlik suv, elektr taʼminoti tubdan yaxshilandi, 2 ta transformator oʻrnatildi. Ravon koʻchalar, obod va fayzli xonadonlarning bugungi koʻrinishidan koʻz quvnaydi, dil yayraydi. Ezgu maqsad yoʻlida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar odamlar kayfiyatini koʻtarib yangi marra, maqsad sari undamoqda.
— Davlatimiz rahbarining xonadonimizga kelganidan koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi, — deydi mahalla faxriysi Abdugʻaffor Xalilov. — Moʻtabar mehmonimiz bilan diydorlashuv onlaridagi hayajonlarimni soʻz bilan ifodalay olmayman. Shavkat Mirziyoyev biz bilan oʻta samimiy, qadrdonlardek ochiq suhbat qurib, hayotimiz, muammolarimiz haqida oʻzimizdan eshitish niyatida ekanligini bot-bot taʼkidladi. Gaplarimizni eʼtibor bilan tinglab, koʻplab maslahat, oʻrinli takliflar berdi. Koʻp yillar qishloq xoʻjaligi va boshqaruv idoralarida faoliyat yuritdim. Qayerda ishlamay, el-yurt manfaatini barcha narsadan ustun qoʻydim. Turmush oʻrtogʻim Raʼnoxon bilan besh farzandni tarbiyalab, elga qoʻshdik. Bugun ularning rohatini koʻrib, keksalik gashtini surib yashayapmiz. Prezidentimiz kelib-ketganidan buyon, xonadonimizdan mehmonlarning qadami uzilgani yoʻq. Hamma bizga havas qilib, taassurotlarimizni soʻrashayapti.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashrifidan soʻng mahalla yana obodlikka yuz tutdi. Hududdagi 22-umumtaʼlim maktabi uchun 210 oʻrinli qoʻshimcha bino, mahalla fuqarolar yigʻinining zamonaviy binosini qurish borasida amaliy ishlar boshlandi.
Mahallada aholi oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, odamlar bandligini taʼminlash orqali kambagʻallikni qisqartirish borasida koʻplab amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu kunlarda “mahallabay” oʻrganish jarayonida aniqlangan 187 nafar ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bandligini taʼminlash, ularni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Abdurahmon Jalolov 12 sotix maydonda savbazvotchilikka ixtisoslashgan dehqon xoʻjaligi tashkil qilib, achchiq qampir yetishtirishni yoʻlga qoʻyigan. Baravj rivojlanayotgan ekinlar hosil moʻlligidan darak berib turibdi.
— Oʻtgan mavsumda 45 million soʻmdan ziyod daromad olganmiz, — deydi mirishkor. — Mahsulotning asosiy qismini quritib olishga harakat qilamiz. Chunki qish va erta koʻklamda quruq qalampirga boʻlgan talab ortadi, narxi ham qimmatlashadi. Yaqin vaqtlarga qadar roʻzgʻor tashvishida oʻzga yurtlarda ishlashga majbur boʻlgandim. Mahalla mutasaddilarining amaliy yordami bilan qoʻshimcha daromad topish imkoniyati yaratildi. Mehnat qilib kam boʻlganimiz yoʻq.
Qishloqda bunday tadbirkorlar soni tobora koʻpaymoqda. Sohibjon Akbarov goʻsht yoʻnalishida 1000 boshdan ortiq parranda, Arabjon Sirojiddinov Afrika baliqlari yetishtirish borasida yangi loyihalarni ishga tushirdi.
— Bu maqsadlar uchun umumiy qiymati 1 milliard 632 million soʻm imtiyozli kredit ajratilib, 27 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Oʻttiz nafardan ortiq ishsizga dehqon xoʻjaligi faoliyatini yuritish uchun 3,6 gektardan ortiq yer maydoni ajratib berildi, — deydi mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi Oxunjon Xoldorov. — Amaliy ishlar natijasida 100 dan ziyod aholi bandligi taʼminlandi. Prezidentimizning mahallamizga kelishi bu boradagi ishlar salmogʻini yanada oshirish imkoniyatini bermoqda.
Mahalladagi 637 ta xonadonda 758 oila yashaydi. Har bir oilaning oʻziga xos yashash tarzi, amallari bor. Eʼtiborli jihatlardan biri, keyingi yillarda erta nikoh, ajrim, notinch oila singari salbiy koʻrinishlar barham topib bormoqda. Bunda, albatta mahalladagi hamjihatlik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat koʻrsatishdek ezgu amallarning oʻrni katta.
— Har qanday murosasizlik, urush-janjal ortida bekorchilik, yetishmovchilik turadi, — deydi mahalla xotin-qizlar faoli Dilorom Mamajonova. — Yoshlarni turmushga tayyorlash, xotin-qizlar bandligini taʼminlash kundalik amallarimizdan. Xonadonbay oʻrganishlarimiz davomida ishsizligi sabab birinchi toifa “Ayollar daftari”ga kiritilgan 74 xotin-qizning 30 nafari turli sohalarga ishga joylashdi, 28 nafari oʻzlari qiziqqan kasb-hunar yoʻnalishidagi qisqa oʻquv kurslarida malaka oshirib kelishdi, 14 nafariga esa subsidiya asosida tikuv mashinalari olib berildi.
Tadbirkor Oltinoy Turdaliyeva kasanachilik asosida bolalar trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Ayni kunda mahalladagi boʻsh turgan binoda kasanachilik va “usta-shogird” anʼanasi asosida mahalladagi oʻndan ortiq xotin-qizni ish bilan taʼminladi.
— Yaqingacha koʻp vaqtimizni dala yumushlari, paxta yigʻim-terimida oʻtkazsak-da, mehnatimizga yarasha manfaat koʻrmasdik, — deydi Oydina Rahmonova. — Prezidentimiz tashabbusi bilan endi qishloq ayollari ham oʻzi tanlagan sohada ishlash imkoniyati ega boʻldi. Oilaviy sharoitimni hisobga olib, subsidiya asosida tikuv mashinasi berishdi. Endilikda uy yumushlari, farzand tarbiyasidan ajralmasdan tikuvchilik bilan shugʻullanib, daromad topish imkoniyatiga ega boʻlib, oilam koriga yarayotganimdan xursandman.
Mahallada yoshlar tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgani uchun “yashil” toifa maqomi berilgan.
Bu bejiz emas. Soʻngi ikki yilda yoshlar ishtirokida jinoyat sodir etilmadi. Prezidentimiz mahalla yoshlari bilan qilgan muloqotida 5 nafar iqtidorli yoshga imtiyoz asosida oʻqishga kirish uchun tavsiyalar bergani mahalla yoshlari qalbiga quvonch, mamnunlik olib kirdi.
Mahallada yashayotgan yoshlar 700 dan ziyod. Ularni bir maqsad yoʻlida birlashtirish uchun turli sport bellashuvlari, koʻrik-tanlovlar oʻtkazish anʼanaga aylangan. Hududdagi 22-umumtaʼlim va 2-iqtidorli bolalar maktabida sport va fan toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Doniyorjon Ibrohimov murabbiylik qilayotgan king boks sport toʻgaragi aʼzosi Jamshidbek Rahmonaliyev viloyat, respublika va xalqaro musobaqalar gʻolibi boʻldi. Umidjon Ibrohimov Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Besh tashabbus” olimpiadasida oshpazlik yoʻnalishida mahalla va tuman bosqichida birinchi, viloyatda 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Tanlov gʻolibi qimmatbaho sovgʻa bilan taqdirlandi. Bu ragʻbat va eʼtibor yosh oshpaz faoliyatida yangi imkoniyatlarga qanot boʻldi. Mahalla hududida umumiy ovqatlanish va kabob tayyorlash markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyib, 4 nafar yosh bandligi taʼminladi.
Yosh tadbirkor Abdulaziz Haydarov tashabbusi bilan “Xon karvon” xususiy korxonasiga asos solindi. Bu yerda oʻndan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
— Bu kabi misollar koʻp, — deydi qishloq yoshlari yetakchisi Mirzarahim Mirzarahmonov. — Yosh tadbirkor Ollaberdi Madaminov tashabbusi bilan choʻmilish havzasi qurildi, Mirzarahim Jamoliddinov esa savdo va xizmat koʻrsatish tarmoqlari faoliyatini yoʻlga qoʻyib, oʻnlab yangi ish oʻrni yaratdi. Davlatimiz rahbarining mahallamizga kelib, yoshlar bilan qilgan amaliy muloqotida aytgan fikr-mulohazalarini dasturilamal qilib oldik. Bu yoshlar uchun munosib shart-sharoit yaratish, manfaatini himoya qilish, bandligini taʼminlash, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash degani.
Sirasini aytganda, shu kunlarda “Xitoy” mahallasida koʻtarinki kayfiyat, joʻshqinlik hukmron. Kim bilan gaplashmang, Prezidentimizning mahallaga tashrifidan ruhlanganini, chekka qishloq obodlikka yuz tutayotganini mamnunlik bilan taʼkidlaydi.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri