Qishloq ahlining 15 yillik orzusi ro'yobga chiqdi

    283 million so'mlik loyiha bajarilib, 210 metr chuqurlikdan chuchuk suv chiqarildi.

    Respublikamizning har bir hududida bo'lgani singari joriy yilda Piskent tumanida ham keng ko'lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Deyarli barcha mahallalarda eng nosoz ichki yo'llarni ta'mirlash ishlari boshlandi, aholini toza va sifatli ichimlik suv bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratildi.

    Tumanimizning eng olis qishloqlari ham e'tibor markazida. Odamlarning tinch va farovon, bugungi kunidan rozi bo'lib yashashi uchun amaliy harakat qizg'in olib borilyapti. Xususan, “Zominovul” mahallasi Piskent tumani markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan. “Mahallabay” ishlash tizimida mahalla ahlining ehtiyojlari, uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolari aniqlandi.

    — Mahallamiz tumanning olis mahallasi hisoblanadi. Bu yil judayam xursand bo'ldik. Sababi mahallamizdagi Istiqlol ko'chasi asfal`t qilindi. 2 ta xususiy bog'cha ochildi. Mana, 90 o'rinli davlat bog'chasi qurilishi ketyapti. Mahalla ahli bundan juda minnatdor, — deydi mahalla raisi o'rinbosari Shahlo Ortiqulova.

    Darhaqiqat, bir yarim ming nafardan ziyod aholi yashab kelayotgan mahallada bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish maqsadida 2 ta oilaviy bog'cha tashkil etildi. Ayni vaqtda Investitsiya dasturi asosida 3 milliard 700 million so'm mablag' evaziga 90 o'rinli davlat muassasi qurilishi ham jadallik bilan olib borilmoqda.

    Mahallaning Sattorobod qishlog'ida 60 ta xonadonda 420 nafar aholi istiqomat qiladi. Qariyb 15 yildan buyon aholini ichimlik suv muammosi qiynab keladi. Bugun qishloqqa toza suv chiqarildi.

    — Sattorobodga kelin bo'lib tushganimga 30 yil bo'ldi. 1,5 kilometrdan bolalarim bilan qiynalib doim suv tashir edik, — deydi Anor Ukubayeva. — Mana bugun 15 yillik orzularimiz ro'yobga chiqdi, qishlog'imizga suv keldi. Tuman hokimiga, sektorimiz rahbariga minnatdorchilik bildiraman. Ilohim, dunyo turguncha turishsin.

    3-sektor rahbari tashabbusi bilan qishloq aholisining murojaati ijobiy hal etildi. 283 million so'mlik loyiha bajarilib, 210 metr chuqurlikdan chuchuk suv chiqarildi. Kelgusida mahallaning 7 kilometr ichki yo'llarini asfaltlash rejalashtirilgan.

    Zominovulliklarni hursand qiladigan loyihalar hali bisyor. Zero, odamlar bugungi kunidan rozi bo'lib yashashsin.

    Manzura RUSTAMOVA,

    Piskent tuman hokimligi matbuot kotibi