Qishloq ayollari huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyiha muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 25 Avgust 2022 1455

    2022-yil 22-avgustda Anqara shahrida (Turkiya) “Hech kim eʼtibordan chetda qolmasin: Turkiya va Markaziy Osiyoda qishloq ayollarining faolligini oshirish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasiga bagʻishlangan birinchi mintaqaviy seminari boʻlib oʻtdi.

    Seminar Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Tojikiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Turkiya Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Seminarda Oʻzbekiston va Tojikiston (onlayn tarzda), Turkiya davlatlari vazirliklari, FAO vakillari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati aʼzolari va boshqa manfaatdor tomonlar qatnashdi. Unda loyiha konsepsiyasi, yondashuvi, konsensusga erishish va loyihani boshlash yuzasidan rejalashtirilgan tadbirlar muhokama etildi.

    Loyihaning maqsadi – Turkiya, Tojikiston va Oʻzbekistonda qishloq joylarda oʻqish va daromad olish hamda ijtimoiy integratsiya uchun imkoniyatlar yaratish orqali gender kamsitish va chetlatishni bartaraf etishdan iborat.

    Loyiha ijtimoiy inklyuziv qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlari hamda qishloq joylarda ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni almashish uchun uch mamlakatning benefitsiarlarini birlashtiradi.

    “Biz FAOga qishloq joylarda gender tenglikni taʼminlash borasidagi yetakchiligi, tajribasi uchun minnatdormiz va qishloq ayollariga teng iqtisodiy imkoniyatlarni taqdim etish dunyoga barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yordam berishiga ishonchimiz komil”, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi boʻlimi rahbari oʻrinbosari Nabira Jumayeva.

    Maʼlumot uchun, Loyiha Turkiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi. Umumiy maqsad siyosiy koʻmak koʻrsatish, salohiyatni rivojlantirish va qishloq ayollarining gender tengligi va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni jadallashtirish, qishloqda qashshoqlikni kamaytirish va qishloq hamjamiyati hamda tashkilotlariga ishlab chiqarish resurslari, xizmatlar va bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

    Bundan tashqari, loyiha qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlaridan foydalanishni yaxshilash va shu orqali ularning turmushi hamda oilalari daromadlarini oshirishga qaratilgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.