Xorazm viloyati Xiva tumanidagi “Mulla Qodir Abdulla texnik” fermer xoʻjaligi rahbari Dilorom Qutliyeva ana shunday zahmatkash ayollardan. U qariyb oʻttiz besh yildan ziyod vaqt mobaynida qishloq xoʻjaligida samarali mehnat qildi. Oʻn yil davomida mahalla raisasi sifatida faoliyat koʻrsatdi. Orada rahbarlik lavozimlarida ham ishladi. Oʻz taqdirini Vatan taqdiri bilan chambarchas bogʻladi...
– Mehnatidan eʼtibor va eʼtirof topgan qishloq ayollaridan biriman, — deydi Dilorom opa. – Yerga, dalaga boʻlgan mehrim sabab u bilan tillasha olaman. Shu yoshimda ham tuproqqa urugʻ qadab, halol mehnat va peshona teri bilan xalqimga rizq-nasiba ulashayotganimdan, yurt koriga yarayotganimdan benihoya baxtiyorman.
Dilorom opa Qutliyeva bugungi kunda umumiy maydoni 105 gektar yerdan iborat fermer xoʻjaligini boshqarib keladi. Oʻtgan yili 37 gektar yerga bugʻdoy, 43 gektar yerga esa chigit ekilgan edi. Shartnoma shartlari toʻliq bajarildi. Pillachilikda ham salkam 40 yillik tajribaga ega Dilorom opa uy sharoitida ipak qurti boqib, moʻl va sifatli hosil olish koʻnikmasiga ega.
Halol mehnati, el-yurt oldidagi xizmatlari uchun davlatimizning qator eʼtiroflariga sazovor boʻldi. Jumladan, 2021-yilda “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Jonkuyarligi, fidoyiligi, qoʻyingki, barcha goʻzal insoniy fazilatlari bilan nafaqat qishloqdoshlari, balki, butun tuman ahlining mehrini qozongan Dilorom opa bugun el-yurt ardogʻida. Oilada uch oʻgʻil va bir nafar qizning mehribon onasi, 15 nafardan ziyod nabiralarning sevimli buvijoni. Turmush oʻrtogʻi – Ibodulla aka ham unga hamisha yelkadosh...
Qishloq ayollarining jamiyatdagi oʻrni tobora yuksalib boryapti. Mamlakatimizda qay bir soha rivojini olib qaramaylik, albatta, bunda qishloq ayollarining oʻrni va munosib hissasiga guvoh boʻlamiz.
2023-yil 1-yanvar holatiga Xorazmda 654 ming 298 nafar ayollar qishloq joylarida istiqomat qiladi. Vohada fermer xoʻjaliklarining 220 dan ortigʻini aynan opa-singillarimiz samarali boshqarib kelayotgani, qishloq xoʻjaligida mehnat qilayotganlarning 39,2 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani esa ularning haqiqatan ham jamiyatimizda faol ekanliklaridan darak beradi.
Qayd etish joizki, BMT Bosh Assambleyasining 2007 yil 18-dekabrdagi “Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash” toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasiga asosan 15-oktyabr – “Xalqaro qishloq ayollari” kuni dunyoning koʻplab mamlakatlarida har yili muntazam nishonlashib kelinadi. Mazkur sana arafasida goʻzal yurtimizning qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga, xususan, ularning taʼlim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tazyiq va zoʻravonlikdan himoyalash, gender tenglikni taʼminlash bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Aslida ham, nihoyatda samimiy, soddadil, mehnatkash va gʻayrat-shijoatga toʻla qishloq ayollari bu kabi eʼtibor va gʻamxoʻrliklarga hamisha munosibdirlar. Ayniqsa, bugungi kunda ularning farzand tarbiyasidan tortib, jamiki roʻzgʻor yumushlari bilan cheklanib qolmasdan turli jabhalarda ilgʻor mehnat qilib, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib kelayotganliklarini hamda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotganliklarini har qancha eʼtirof etsak arziydi.
Gulnoza Umirova,
jurnalist.









