Qishloq xoʻjaligi yerlari ijaraga qanday beriladi

    Maʼlumki, 2024-yil 1-martdan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov oʻrniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etilgan.

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-apreldagi «Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida»gi 223-son qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlanyapti.

    Auksion toʻgʻrisidagi maʼlumot «Ye-auksion» platformasida 15, qayta auksion haqida esa – 5 kalendar kun oldin eʼlon qilinadi.

    Elektron onlayn-auksion savdoda bir marotaba gʻolib boʻlgan ishtirokchiga keyingi elektron onlayn-auksion savdolarida ishtirok etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Taklif etilgan eng yuqori ijaraga olish qiymatining dastlabki 15% miqdori 10 ish kuni ichida elektron onlayn-auksion savdo gʻolibi tomonidan toʻlangandan soʻng bir ish kuni ichida elektron onlayn-auksion savdo natijalari toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bayonnoma asosida 10 ish kuni ichida shartnoma imzolanadi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 23-iyuldan kuchga kiradi, deb xabar beradi «Norma».