Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining Xitoyga eksporti oshiriladi

    Agrosektor 23 Mart 2023 1457

    Xitoyda XXR Bosh bojxona boshqarmasi oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya va karantin departamentining Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining masʼul xodimlari, veterinariya va karantin qoʻmitasi rahbariyati ishtirokidagi ishchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistondan Xitoyga uzum, quritilgan jiyda va tovuq oyoqlarini eksport qilishga ruxsat berishni jadallashtirish masalalari hamda veterinariya va oʻsimliklar karantini sohasidagi boshqa koʻplab masalalar muhokama etildi.

    Tadbir davomida tomonlar kelgusidagi harakatlar toʻgʻrisida kelishib oldilar va tezkor axborot almashish uchun bevosita aloqalar muhimligi haqida umumiy fikrga keldilar.

    Shuningdek, 5+1 formatida malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga ham erishildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Ushbu muloqot 2019-yildan beri Xitoydagi karantin cheklovlari sababli Oʻzbekiston rasmiy delegatsiyasi va XXR GTU vakillarining birinchi yuzma-yuz uchrashuvidir.

    Maʼlumot uchun: Xitoyga olib kirishga ruxsat berilgan mahsulotlarning umumiy soni 19 turni tashkil etadi. Ulardan: mosh, olcha, qovun, yangi va quritilgan achchiq qalampir, yeryongʻoq, anor, achchiq oʻrik, tozalangan yongʻoq, kunjut, uzum urugʻi, shirin oʻrik danagi, quritilgan oʻrik, mayiz, asal, limon, loviya va quritilgan qovun.