Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini takomillashtiriladi

    Agrosektor 26 Fevral 2021 1232

    Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra:

    Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshiriladi.

    Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish, bevosita qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish, yakuniy natijalarni eʼlon qilish quyidagi asosiy vazifalarni nazarda tutgan holda uch bosqichda amalga oshiriladi:

    birinchi bosqich (2022-2024-yillar):

    – roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish tamoyillari hamda metodik asoslari, roʻyxatdan oʻtkazishga doir boshqa masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish;

    – avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish;

    – sinov asosida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish, natijalarini tahlil qilish;

    – roʻyxatdan oʻtkazish tadbirlarida ishtirok etuvchi xodimlarni oʻqitish;

    – qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq boshqa ishlarni amalga oshirish;

    ikkinchi bosqich (2024-yil) - bevosita qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbirini amalga oshirish;

    uchinchi bosqich (2024-2026-yillar) - roʻyxatdan oʻtkazishga doir maʼlumotlarni qayta ishlash, dastlabki va yakuniy natijalarni olish hamda eʼlon qilish.

    Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish konsepsiyasiga koʻra:

    – qishloq xoʻjaligi statistikasi koʻrsatkichlarining sifati, ishonchliligi va shaffofligini yana-da oshirish;

    – qishloq xoʻjaligining tarkibiy holatini baholash, sohani xalqaro tajribalarda foydalaniladigan statistik maʼlumotlar bilan taqqoslash imkoniyatini yaratish;

    – qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish davrlari oraligʻida dastlabki sinov tariqasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish, tanlanma kuzatuvlarni amalga oshirish uchun statistik maʼlumotlar bazasi yaratiladi.