Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 27 Iyun 2020 15694

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Respublikada ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy, sifatli qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan ayrim qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining respublikaning tuproq-iqlim sharoitlariga mos kelmasligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda belgilangan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish vaqtida qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

    Hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashning samarali sinash va oʻlchash usullarini keng joriy etish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikalarini sinash va sertifikatlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

    1. Quyidagilar qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalarini sinash tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

    resurs tejaydigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalari sinoviga oid texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;

    qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlarini respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitlarida samarali qoʻllash va ularning ishonchliligini tekshirish uchun tegishli sinovlarni oʻtkazish;

    sohani rivojlantirishga koʻmaklashuvchi innovatsion usullar, dasturlar va istiqbolli gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar faoliyatiga samarali ilmiy ishlanmalarni keng joriy etish;

    qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari sinovini oʻtkazuvchi laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yana-da mustahkamlash, sohaga yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.

    2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

    import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarida samarali qoʻllash va ularning ishonchlilik (sifat) koʻrsatkichlarini tekshirish maqsadida barcha turdagi qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlari majburiy tartibda sinovdan oʻtkaziladi. Bunda, qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlari mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilar tomonidan taqdim etiladi;

    import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari, ularning agregatlari, butlovchi qismlari takomillashtirilganda hamda ularga qoʻshimcha funksiyalarni bajarish yuklatilganda takroriy sinovlarga taqdim etiladi;

    Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestriga (keyingi oʻrinlarda – yagona davlat reyestri) kiritilgan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalaridan respublikada ekinlarni yetishtirishda foydalanishga ruxsat etiladi;

    import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining agregatlari va butlovchi qismlari uchun muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, laboratoriya asbob-uskunalari va oʻlchov vositalariga ega boʻlmagan tashkilotlar tomonidan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalariga sertifikat berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    3.Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, “Oʻzstandart” agentligining 2023-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan sinov uskunalari va oʻlchash vositalarini bojxona bojidan ozod qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    Bunda, sinov uskunalari va oʻlchash vositalari sinov laboratoriyalarini akkreditatsiya, shu jumladan, xalqaro akkreditatsiya talablari asosida jihozlash uchun ishlatiladi.

    4. Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

    qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalariga nisbatan talablarni belgilaydigan standartlashtirish boʻyicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazsin;

    2020-2021 yillarda qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalari va ularni sinash usullariga nisbatan talablarni belgilaydigan zarur standartlarni xalqaro talablar asosida qabul qilish boʻyicha tarmoq jadvalini tasdiqlasin.

    6. “Oʻzstandart” agentligi ikki oy muddatda:

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishgan holda qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari boʻyicha tarmoq standartlarining roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin;

    qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda amaldagi standart hamda meʼyorlarga muvofiq qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining turi boʻyicha sinov dasturlarini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;

    laboratoriya asbob-uskunalari va oʻlchov vositalariga ega boʻlgan xususiy tashkilotlarni qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalariga sertifikat berish uchun akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibini ishlab chiqsin;

    xorijiy davlatlarning sinov markazlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, ularning ilgʻor tajribalarini respublikada bosqichma-bosqich joriy etib borsin.

    7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qishloq xoʻjaligi texnikalarini xalqaro talablar asosida sinash uchun zamonaviy sinash uskunalari va oʻlchash vositalari roʻyxatini shakllantirsin va joriy yilning yakuniga qadar ularni xarid qilish choralarini koʻrsin.

    8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:

    “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda 2020-yil 15-dekabrga qadar qishloq xoʻjaligi texnikalarini sinash va sertifikatlash boʻyicha xalqaro tajribadan kelib chiqib, Markazning sinov laboratoriyalari xalqaro akkreditatsiyadan bosqichma-bosqich oʻtkazilishini taʼminlasin;

    Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xarid qilingan sinash vositalarining qurilish-montaj ishlari hamda oʻqitishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarni kirish hujjatlarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishida amaliy yordam koʻrsatsin;

    Toshkent viloyati hokimligi va qurilish-loyiha tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda Markazning moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash va modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Markazni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit hamda grant mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda yagona davlat reyestriga kiritilmagan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari, ularning agregatlari va butlovchi qismlarini yetkazib berganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun, 2021-yilning 1-yanvariga qadar ishlab chiqarilgan va import qilingan texnikalar bundan mustasno, javobgarlikni belgilash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

    9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining grantlari va kreditlari hisobidan 2020-yil 1-dekabrga qadar muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan va davlat sinovlaridan oʻtgan import qilingan va respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi hamda melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestri integratsiyalashgan axborot tizimini yaratsin.

    Belgilansinki, ushbu axborot tizimida qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining sertifikatga ega ekanligi, sinovdan oʻtganligi, balansda saqlovchi korxona haqida toʻliq maʼlumotlar aks ettiriladi.

    10. “Oʻzstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari sinovi sinov shartlariga qatʼiy rioya qilingan holda oʻtkazilishi hamda yagona davlat reyestriga kiritilgan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalaridan ekinlarni yetishtirishda foydalanilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

    11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi sohaga tegishli oliy taʼlim muassasalari bitiruvchi talabalarining amaliyoti qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinash hamda sertifikatlash ishlariga integratsiya qilishni taʼminlasin.

    12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

    qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin;

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi faoliyatini tashkil etishga oid Hukumat qarori loyihasini kiritsin.

    13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,
    2020-yil 27-iyun