Qarorga koʻra, davlat muassasasi shaklida “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi (Loyiha ofisi) tashkil etiladi.

Loyiha ofisi har oyda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yoʻllari toʻgʻrisida Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib boradi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Loyiha ofisi tomonidan:

2024-yilda:

– meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini tekshirish va eksport ulushini oshirish uchun Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos boʻlgan 3 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etish choralari koʻriladi.

2024/2025 oʻquv yilidan:

– agrar sohadagi oliy taʼlim muassasalari talabalari bilimini, pedagoglarining malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari faoliyatini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi takomillashtiriladi;

– Toshkent davlat agrar universitetida taʼlim yoʻnalishlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

Loyiha ofisiga tegishli vazirlik va idoralar, ularning tizimidagi muassasalar, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, shartnoma asosida Loyiha ofisi faoliyatiga jalb qilish huquqi beriladi.