Mazkur seminarda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Bangladesh, Iroq, Iordaniya, BAA, Yaman va boshqa davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirliklarining 40 dan ortiq mutaxassislari qatorida Oʻzbekiston vakillari ham qatnashdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

Mintaqaviy oʻquv seminarda BAA ning 2051-yilgacha moʻljallangan milliy hamda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi masalalari muhokama etildi. Xususan, Irlandiya va Bangladeshning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi erishgan yutuqlari va ularning implementatsiyasi (ingl. implementation – aynan amalga oshirish, hayotga tatbiq etish) boʻyicha taqdimotlar qilindi.

Shuningdek, ushbu seminarda OXIT (A. Baudaulet) va Irlandiya barqaror oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash tashkiloti (D. Batler) oʻrtasida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Maʼlumot uchun: Oziq-ovqat xavfsizligi Islom tashkiloti (OXIT) 2013-yilda Nur Sultan shahrida Islom Hamkorlik Tashkilotining hukumatlararo yigʻilishida tashkil etilgan boʻlib, u 36 ta doimiy aʼzo va 21 ta hamkor davlatlarni birlashtirgan.