Qishloq xoʻjaligi vazirligida Ozarbayjon delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Agrosektor 11 May 2022 1045

    2022-yil 11mayda yurtimizga kelgan Ozarbayjon Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi raisi Tahmazli Goshgar boshchiligidagi delegatsiya Qishloq xoʻjaligi vazirligiga tashrif buyurdi.

    Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Qahramon Yuldashev olib borgan uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, oʻzaro tajriba almashish va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Ozarbayjon Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi 2017-yili tashkil etilgan va Ozarbayjon oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qiluvchi 5 ta davlat organini birlashtiradi. Bugungi kunda Agentlik tizimida 1 500 nafar xodim faoliyat yuritadi, xususan, markaziy apparatda, 11 ta hududiy vakolatxonalari va Oziq-ovqat xavfsizligi institutida.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida agrar sohadagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2002-yilda idoralararo bitim imzolangan edi.

    2022-yil yanvar-mart oylarida Ozarbayjon bilan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining tovar ayirboshlash hajmi umumiy qiymati 5,3 million dollarlik 3,8 ming tonnani tashkil etdi (uzum – 1,5 million dollar, yeryongʻoq – 1,2 million dollar, loviya – 495 ming dollar).

    Shuningdek, Ozarbayjonga chigitning bir qancha navlari joʻnatildi. Ayni paytda mehmon davlat mutaxassislari oʻzbek seleksiyasiga oid chigitni Ozarbayjonning tuproq-iqlim sharoitida moslashishini oʻrganish ishlarini olib boryapti.

    Oʻzbekiston oʻz navbatida funduk yongʻoqning serhosil navlari koʻchatlarini olishga qiziqish bildiryapti. Bu boradagi tajribani oʻrganish uchun mutaxassislarimizni Ozarbayjonga yuborish rejalashtirilgan.

    Toshkentga tashrifi davomida Ozarbayjon delegatsiyasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarlari bilan ham uchrashadi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.