Bundan koʻzlangan maqsad kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, oʻquv jarayonlarni zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amaliyotga tatbiq etishdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, oʻquv jarayonlarni zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amaliyotga tatbiq etish maqsadida 2021-yilning mart oyidan hr.agro.uz elektron masofaviy oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan oʻquv platformasini joriy etishdagi kamchiliklarni bartaraf etish, takomillashtirish uchun dastlab sinov tariqasida Sirdaryo va Toshkent viloyatidagi Qishloq xoʻjaligi boshqarmalari xodimlari bilan uchrashuv va taqdimotlar oʻtkazildi.

Masofaviy oʻquv kurslari orqali mutaxassislar bir necha guruhlarga boʻlingan holda sohaviy yoʻnalishlarda, shuningdek, IT kurslar, til oʻrganish va boshqa yoʻnalishlarda bilim va malakalarini oshirib borishlari mumkin. Qishloq xoʻjaligida soʻzlar va atamalar boʻyicha izohli lugʻat, foydali adabiyotlar ham maʼlumotlar bazasiga kiritilgan.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi Umida Saidovaning bildirishicha, kelgusida foydalanuvchilar talab va takliflardan kelib chiqqan holda, oʻquv kontentlari sifatini oshirish, dolzarb mavzularda oʻquv kurslari tayyorlash, nazariy bilimlarni amaliyotga joriy etish yuzasidan foydali maʼlumotlar joylashtirish boʻyicha ishlar olib boriladi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.