Qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha Italiya tajribasi oʻrganilmoqda

    Italiya qishloq xoʻjaligida ilmiy tadqiqotlar va iqtisodiy tahlil kengashi tarkibida 12 ta ilmiy-tadqiqot markazi boʻlib, ularda 2500 dan ziyod olim faoliyat yuritadi.

    Tadbirda Italiyada boʻlib turgan Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) vakillari ishtirok etdi.

    Asosiy maqsad qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatishga qaratilgan xorijiy ilmiy yondashuv va tajribalar bilan tanishish hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.

    Seminarda italiyalik olimlar tomonidan ushbu mamlakatning agrar siyosati va ilmiy loyihalari toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Global iqlim oʻzgarishining oqibatlari va ularni bartaraf etish borasida qoʻllanilayotgan choralar hamda ilmiy izlanishlar toʻgʻrisida taqdimotlar oʻtkazildi.

    Italiyada yer degradatsiyasi, tuproq shoʻrlanishi va eroziyasi, suv tanqisligi, oʻsimliklar kasalliklari kabi muammolar dolzarb masalaga aylanayotgani taʼkidlandi. Shu bois, qishloq xoʻjaligi ekinlarini tuproq-iqlim sharoitiga koʻra joylashtirish, barqaror tuproq boshqaruvini joriy qilish va mahsulotlarni yetishtirishda ilmiy yondashuv alohida ahamiyatga ega boʻlmoqda.

    Seminarda Oʻzbekiston vakillari tomonidan mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi. Soʻnggi yillarda agrar sohadagi tub islohotlar, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari hamda “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan maqsadlar italiyalik mutaxassislarda katta qiziqish uygʻotdi.

    Tadbir yakunida tomonlar qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlashda investitsiya loyihalari doirasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

    Italiya qishloq xoʻjaligida ilmiy tadqiqotlar va iqtisodiy tahlil kengashi tarkibida 12 ta ilmiy-tadqiqot markazi boʻlib, ularda 2500 dan ziyod olim faoliyat yuritadi. Shuningdek, uning tarkibida 66 ta eksperimental xoʻjalik faoliyat yuritadi. Tashkilot tomonidan xalqaro va milliy miqyosda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqiladi.