Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda monitoring qanday amalga oshiriladi

    Agrosektor 18 Yanvar 2022 1491

    2022-yil 14-yanvarda Vazirlar Mahkamasining 22-sonli “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda monitoring ishlarini amalga oshirish, yerlarni muhofaza qilish va yer tuzish faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2021-yil 24-fevraldagi PQ-5006-sonli qaroriga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:

    - Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va ekin maydonlarida monitoring ishlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

    - Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni muhofaza qilish boʻyicha davlat nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

    - Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda yer tuzish ishlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

    - “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi.

    Hujjatlar bilan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va ekin maydonlari monitoringi Milliy geografik axborot tizimidagi davlat yer kadastrining qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha yer turlari, maydoni, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlari asosida amalga oshirish nazarda tutilgan.

    Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va ekin maydonlari monitoringi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, uning Qoraqalpogʻiston, viloyatlardagi qishloq xoʻjaligi boshqarmalari va tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimlari, shuningdek, “Oʻzdaverloyiha” instituti va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan davriy, joriy va tezkor monitoring shakllarida amalga oshiriladi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va ekin maydonlari monitoringi davomida olingan maʼlumotlardan qishloq xoʻjaligi yerlari holati va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarni tayyorlashda foydalaniladi.

    Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni muhofaza qilish boʻyicha davlat nazorati respublikaning butun hududida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Yer tuzish ishlari istiqbolga moʻljallangan va loyihalash oldidan bajariladigan hamda xoʻjaliklararo va xoʻjalik ichidagi yer tuzish ishlari shakllarida amalga oshiriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.01.2022-yildan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.