Qishloq xo‘jaligi yerlarida yetishtirilayotgan mahsulotlar aholi moddiy turmush tarzini yaxshilash, kundalik ehtiyojlarini qondirish bilan birgalikda davlat iqtisodiyotining yuksalishiga zamin bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish, qishloq xo‘jaligida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish va sug‘urtalashning yangi mexanizmlarini amalga oshirish, shuningdek tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish masalalari belgilab o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasining to‘rtinchi yo‘nalishi ekologiya, suv masalalariga bag‘ishlanganlini aytib o‘tishimiz mumkin. Ushbu murojaatnomada qishloq xo‘jaligida islohotlar davom etayotganligi, shu yilning o‘zida 100 ming gektar ekin yerini aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berilganligi hamda buning hisobidan 1,5 million tonna qo‘shimcha oziq-ovqat yetishtirilganligi ta’kidlab o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududi bo‘yicha umumiy yer maydoni 44892,4 ming gektarni tashkil etmoqda. 2025 yilning 1 yanvar holatiga Respublikada faoliyat yuritayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalari va boshqa tashkilotlar hamda fuqarolarning foydalanishidagi yerlar 26 220, 7 ming gektarni, qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni 21 383, 5 ming gektarni, shundan sug‘orishga mo‘ljallangan yerlar 3 743, 0 ming gektarni tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida mavjud bo‘lgan yer toifalari orasidan qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun mo‘ljallangan yerlarga ham hududi, ham ahamiyati jihatidan katta ustunlik berilgan. 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar umumiy hududning 58, 41 foizini egallagan va doimiy foydalanishda bo‘lib kelmoqda.
Hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish, jumladan noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.02.2022 y. PQ-138-son "Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga muvofiq, Bosh prokuratura tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi hamda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘limlari hamda IIV Tezkor-qidiruv departamentida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limlari tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Kishloh xo‘jaligi vazirligi hamkorlikda Toshkent viloyatining Qibray, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Yangiyo‘l va Zangiota tumanlaridagi yerlar xatlovdan o‘tkazilganda Qibray tumanida 76 ta holatda 8b,01 gektar, Yuqori Chirchiq tumanida 11 ta holatda 36,9 gektar, O‘rta Chirchiq tumanida 7 ta xolatda 8,08 gektar, Quyi Chirchiq tumanida 18 ta xolatda 34,7 gektar va Zangiota tumanida 69 ta xolatda128,94 gektar, jami 181 ta holatda 294,63 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida noqonuniy holatlar mavjudligi aniklandi, jumladan:
-77 ta xolatda 88,81 gektar maydonda nokonuniy uy-joy qurilgan;
- 83 ta xolatda 183,04 gektar maydonda noturar joy qurilgan;
- 6 ta xolatda 5,13 gektar maydonda issikxona kurilgan;
- 2 ta xolatda 0,8 gektar maydonda yer uchastkasi kar’er sifatida kovlangan;
- Z ta xolatda b,81 gektar ekin yer maydoni yaroksiz holga keltirilgan;
-10 ta holatda 10,04 gektar yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan (devor bilan o‘ralgan) egallab olingan.
Amaldagi qonunchilik hujjatlarida yer qonunchiligini buzganlik uchun javobgarliklar belgilangan bo‘lib, bunday javobgarliklar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan bir qatorda Yer kodeksi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ham mustahkamlangan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining tegishli moddalarida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yerdan maqsadsiz foydalanish, yerlarning holatini yomonlashtirish va boshqa huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Shu bilan birga, keyingi yillarda yer munosabatlari sohasida qonunbuzarliklar uchun javobgarlik choralari yanada kuchaytirildi. Jumladan, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer ajratish tartibini buzish va yer uchastkalarini noqonuniy olib qo‘yish bilan bog‘liq harakatlar uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan.
Biroq, qonunchilikda qat’iy javobgarlik choralari belgilanganiga qaramasdan, amaliyotda yer qonunchiligi bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari hamon uchrab turayotganligi tashvishli holat hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, davlat nazoratini kuchaytirish, qonunlarning ijrosini ta’minlash hamda profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish zarurligini ko‘rsatadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tishimiz mumkin:
Birinchidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni boshqa toifaga o‘tkazishga qat’iy cheklovlar qo‘yish;
Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalayotgan sub’ektlarni iqtisodiy rag‘batlantirish;
Uchinchidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish qoida talablarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish.
Xulosa qilib aytganda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar mamlakatimiz iqtisodiyoti, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mazkur yerlarni hozirgi va kelajak avlodlar manfaatlarini inobatga olgan holda muhofaza qilish, ularning unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan samarali qonunchilik normalarini ishlab chiqish hamda qabul qilish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, qabul qilingan qonun hujjatlarining amalda samarali ijrosini ta’minlash, davlat nazoratini kuchaytirish va yer resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish muhim hisoblanadi.
Kenjaev R.X.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ekologiya huquqi sho‘‘basi professori