Jurnalist va mohir sharhlovchi, ko’p yillik tajribaga ega tarjimon Sharofiddin To’laganovning bu ikki kitobi haqida so’zga chiqqanlar iliq fikrlar bildirdi. Xususan, O’zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari Abdusaid Ko’chimov muallifning qator maqolalaridagi dadil fikrlar, sinchkov nigohi haqida to’xtalib, yozilajak yangi asarlariga ijodiy parvozlar tiladi.
“Bu sirli dunyo”da muallifning talabalik davridan boshlab yig’gan va deyarli har bir sanaga bag’ishlangan maqolalari jamlangan bo’lib, kitob “Davlat yoki hukumat rahbarining Yangi yil tabrigi” nomli maqola bilan boshlanadi. Ikki asarning vujudga kelishi va yozilish tarixi bilan qiziqqanimizda jurnalistning o’zi quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Maktabda o’qib yurgan kezlarimda qo’shnining bog’idan bir dona olma uzdim. Olmaning yarmini yeb bo’lganimda birdan bo’g’zimga nimadir tiqildi. Nega men so’ramay birovning olmasini uzdim, deya o’yladim ichimda. Ko’nglimdagi g’ashlik tarqamadi va bu so’roqsiz uzilgan olma haqqi men qishlog’im nomini tanitaman, uni mashhur qilaman, deb niyat qildim... Yozilgan ushbu ikki kitobim o’sha olmaning badali. Ehtimol, shu yozganlarim bilan o’sha aybimni yuvgandirman, qishlog’im oldidagi vazifamni ozgina bo’lsa-da oqlagandirman...”
Shuningdek, tadbirda so’z olgan O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, taniqli adib Xurshid Do’stmuhammad, shoira Farida Afro’z va boshqa taniqli yozuvchi hamda jurnalistlar ham bu ikki asar o’quvchilarini aslo zeriktirmasligini, yosh jurnalistlar uchun dasturilamal bo’lishini ta’kidladilar.