«Har safar bu viloyatga kelganimda, odamlardagi koʻtarinki kayfiyatni, kattayu-kichik doimo harakatda, izlanishda yurganini koʻrib quvonaman.
Bugun ham hududdagi ijobiy oʻzgarishlar, yangi ishga tushgan korxonalar bilan tanishib, islohotlarimiz toʻgʻri yoʻldan borayotganiga yana bir bor amin boʻldim», — dedi davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida.
Soʻnggi yillarda Namanganda salmoqli ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.
Ertaga boshlanadigan kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha xalqaro forumga Namangan shahri mezbonlik qilayotgani bejiz emasligi qayd etildi.
Qisqa vaqt ichida Namanganda kambagʻallik 2,5 barobar kamaydi. Bu, eng avvalo, yaratilgan sharoit va viloyat aholisining mashaqqatli mehnati bilan boʻlgani taʼkidlandi.
Soʻnggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kirdi, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2 karra koʻpayib, 1 mingdan oshdi. Aholining real oʻrtacha daromadi 3 barobar oshdi. Mehnatga layoqatli aholining 82 foizi aynan kichik biznes va tadbirkorlik orqali daromad topmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyatda barcha drayver sohalarni rivojlantirish uchun resurs ham, sharoit ham yetarli ekanini koʻrsatib oʻtdi.
Viloyat hokimi va uning oʻrinbosarlari, 14 ta tuman va shahar hokimlari oldida yil yakunigacha 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish, 26 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish vazifasi turgani qayd etildi.
Norin tumanidagi 5 mingdan ziyod aholi yashaydigan Shoʻrariq mahallasi misolida “ogʻir” mahallalar qiyofasini tubdan oʻzgartirib, shahar muhitini olib kirish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Xususan, bunday mahallalarda zamonaviy mahalla guzari qurib beriladi, bolalar va sport maydonchalari, servis obyektlari, kutubxona, kasb va til oʻrgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil etiladi. Koʻchalar asfalt qilinadi va yoritiladi. Eskirgan va hosildorligi past bogʻlar toʻliq yangilanadi.
Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard soʻmdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “ogʻir” mahallasiga esa 5 milliard soʻmdan, jami 320 milliard soʻm berilib, ular namunali hududga aylantiriladi.