Bojxona organlari tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tizimli tarzda kurash olib borilmoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Sariosiyo” temir yoʻl chegara bojxona postiga qoʻshni davlatdan Tojikiston Respublikasiga oʻtish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelgan temir yoʻl poyezdi tarkibidagi vagonlardan biri bojxona postida mavjud boʻlgan temir yoʻl vagonlarini skaner qilishga moʻljallangan inspeksion koʻrik majmuasidan oʻtkazilganda, rentgen tasvirlarida vagon ichida yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmagan tovarlar borligi maʼlum boʻldi.
Natijada, ushbu vagon bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda “Changyutgich”, “Kir yuvish mashinasi” va “Quruq sut” kabi tovarlar orasida hujjatlarida koʻrsatilmagan, aksiz markalari mavjud boʻlmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 10 mlrd. 50 mln. soʻmlik 402.000 quti “Esse Change” nomli sigaret mahsulotlari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.