"Qizil kitob"ga kiritilgan jayronlar o‘ldirildi

    Joriy yilning 9-iyul kuni Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari viloyat IIB YHXB hamda Ekopatrul xodimlari bilan hamkorlikda nazorat reyd tadbiri o‘tkazdi.

    Ta'kidlanishicha, tadbir davomida Navbahor tumani hududida fuqaro Q.Sh. boshqaruvidagi “Niva” rusumli avtomashina tekshirildi. Natijada mashina yukxonasida 2 bosh otilgan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan ona-bola jayron borligi aniqlangan.

    Tekshiruv-surishtiruv ishlari davomida jayronlar Samarqand viloyati Narpay tumani Boltali qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Q.Sh va Q.F. larga tegishli ov qurollari yordamida noqonuniy ovlangani ma'lum bo‘ldi.

    Holat yuzasidan tegishli dalolatnomalar tuzilib, tabiatga 33 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi. Shuningdek, Q. Sh. boshqaruvidagi avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yildi va ov qurollari saqlash uchun Navoiy viloyat IIBga yuborildi.

    "Hozirda prokuraturaga yuborish uchun kerakli hujjatlar to‘planmoqda", deyiladi xabarda.