Angren shahrining Qiziltogʻ (Krasnogorsk) shaharchasida 17 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu shaharcha aholisi davlat xizmatlarini olish uchun 100 chaqirim masofa bosishiga toʻgʻri keladi. Ammo Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga sayyor davlat xizmatlari va sayyor qabullar koʻrsatilayotgani bu kabi ovoragarchiliklarga chek qoʻymoqda. Davlat xizmatlari markazi xodimlari aholi vakillarining muammo va dardu tashvishlarini bajonidil tinglab, joyida bartaraf etishga astoydil harakat qilmoqda.
Navbatdagi sayyor qabul “Tolbuloq”, “Said ota”, “Oydin” va “Fayzobod” mahalla fuqarolari yigʻinlarida oʻtkazildi. Tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari uyma-uy aholi bilan suhbat qilib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni eshitdi. Davlat xizmatlarining mazmun-mohiyati, yangi xizmat turlari va qonunchilikdagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida ham targʻibot tadbirlari olib borildi.
— Davlat xizmatlari koʻrsatish borasida aholi uchun koʻplab qulayliklar yaratilmoqda, — deydi shaharchaning Tolbuloq mahalalsida istiqomat qiluvchi D. Maxamatova. — Davlat xizmatlari markazi xodimlari bizga bu borada batafsil maʼlumot berib oʻtdi. Anchadan buyon farzandimni maktabgacha taʼlim muassasasiga joylash uchun ariza berish niyatida edim. Oila tashvishlari bilan boʻlib, markazga borishga vaqt topolmayotgandim. Bugungi sayyor qabul davomida bu imkoniyatdan foydalandim. Arizamni qabul qilishdi, ishim tez bitdi. Avvallari hujjatlarni rasmiylashtirishning oʻzi bir muammo edi-da. Bu kabi doimiy eʼtibordan biz ayollar juda minnatdormiz.
Sayyor qabul davomida shaharcha aholisi bir qator yoʻnalishlar, jumladan, koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma olish, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha navbatga qoʻyish uchun ariza berish boʻyicha davlat xizmatlaridan foydalandi. Shuningdek, pensiya tizimiga hisobga koʻyish, kadastr sohasidagi xizmatlar boʻyicha 60 dan ziyod sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti toʻgʻrisida ham keng qamrovli huquqiy maslahatlar berildi.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilayotgan bunday sayyor qabullar orqali aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlar oʻtkazilayotgani, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari joyida oʻrganilayotgani, aholining ariza, shikoyat va takliflarini oʻrganishda eʼtiborsizlik, sansalorlik holatlariga barham bermoqda. Bu esa, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishga xizmat qiladi, deya xabar beradi DXA Toshkent viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati.