Maʼlumki, internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dekan oʻrinbosari tomonidan talaba-qizni zoʻrlashga uringani haqida xabarlar tarqaldi.
Hozirda mazkur voqea yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda oʻrganish va surishtiruv ishlarini olib borilyapti.
Oʻrganish natijalari boʻyicha jinoyatda gumonlanuvchi universitet masʼul xodimiga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar koʻriladi. Shuningdek, ushbu holatga yoʻl qoʻygan universitet rahbariyati va masʼullariga nisbatan ham qatʼiy tashkiliy va intizomiy choralar koʻriladi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi talaba-qizlarning shaʼni va nomusiga qarshi har qanday xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va, albatta, bu kabi holatlarga qarshi qatʼiy kurashadi.
Tez orada bunday holatlarning oldini olish maqsadida tezkor murojaat qilish imkonini beradigan maxsus portal yaratiladi hamda ishga tushiriladi, deb xabar beradi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi talaba-qizlar va OTMda mehnat qilayotgan opa-singillarimizga qaratilgan murojaatida “Agar siz taʼlim olayotgan yoki mehnat qilayotgan oliygoh, professional taʼlim muassasasida sizga nisbatan biron-bir koʻrinishda tegajogʻlik, tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etilgan boʻlsa, yoxud ana shunday nojoʻya xatti- harakatlar tahdidi ostida boʻlsangiz yoki guvohi boʻlgan boʻlsangiz, hech ikkilanmay Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 1006 ishonch telefoniga yoki @himoya_otv_bot ga murojaat qiling!” Shaxsingiz va shaxsiy maʼlumotlaringiz sir saqlanishi kafolatlanadi. Sizga zarur boʻlgan barcha yordam koʻrsatiladi, nojoʻya xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik, sodir etilgan har bir holat boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilishi taʼminlanadi”, deyiladi.
Oʻrganishlar natijasi boʻyicha obyektiv tafsilotlar qoʻshimcha tarzda maʼlum qilinadi, deyiladi Vazirlik murojaatida.
Shuningdek mazkur murojaat orqali Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimida sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish, muhtarama ayollarimizning, aziz opa-singillarimizning shaʼni, qadr-qimmati, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vazirligimiz uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanligi eslatiladi.