Mening kutilmagan xushxabardan hamon oʻzimga kela olmayotganim chetdan qaragan odamga kulgili tuyulishi mumkin. Ammo oʻrnimda har qanday inson ham mana shunday holga tushgan boʻlardi...

Turmush oʻrtogʻim olamdan oʻtganidan keyin qaynotamnikidan ketganman. Chiqqan qiz chiydan tashqari, degan gap bor. Ota eshikka qaytishni ep koʻrmadim. Oʻzimdan ancha katta bir inson bilan ikkinchi bor turmush qurdim. Afsuski, u bilan ham hayotim yaxshi kechmadi. Boshpanasiz qolib, hali u yerda, hali bu yerda yashab yurdik. Necha yillik sargardonliklar, xoru zorliklardan qaddim egildi, yoshligim uvol boʻldi. Yettinchi joydan ham koʻchganimizdan soʻng uy deyishga ham til bormaydigan bir guvala kulbada yashay boshladik. Turmush oʻrtogʻimning topish tutishida tayin yoʻq, janjal, qizlarim ham urush-janjaldan bezib qolgandi. Xullas, oʻzining hayotini oʻzi izdan chiqarib yubordi. Shunday boʻlsa-da, qizlarim uchun yashayverdim. Boshqa imkonim ham, choram ham yoʻq edi, axir. MFYda farrosh boʻlib ishlab, roʻgʻor tebratishga harakat qildim.

Mart oyining 17 kuni uyimiz oldiga 5-6 kishi kelib, bizni chaqirishdi. Tashqariga chiqsam, tumanimiz hokimi va yordamchilari ekan. Hokim bu uyda odam yashashiga ishonmay turardi. Yaratganning oʻzi mehribon-da. Menga tuman hokimining oʻzini roʻbaroʻ qilib qoʻydi, men bilan uzoq gaplashdi. Boshimdan oʻtganlarni, nima sababdan bu yerda yashayotganimni aytib berdim. Qolaversa, shu paytgacha hech kimga murojaat qilmaganim, bir marta tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi bilan uchrashmoqchi boʻlganimda oyogʻimdagi kalishning yirtiq ekanini roʻkach qilib, opa bilan uchrashtirishmaganini ham yashirmadim.

Hokim meni obdon eshitib boʻlgach, yonidagilarga qarab, “Maʼmurobod” MFYdagi uylardan birini beramiz, tezlikda koʻchirib oʻtish kerak”, dedi.

Bu gapdan karaxt boʻlib qoldim. Toʻgʻrisi, oyoqlarim qaltirab, butun tanamda kuchli titroq uygʻondi. Quloqlarimga ishonmas edim. Qizlarim bilan yangi uyga koʻchib oʻtganimiz, oʻsha uyda tonglar ottirayotganimiz hamon tushga oʻxshayveradi, ishongim kelmaydi. Davlatimiz biz kabi ehtiyojmand, boshpanasiz qolganlar uchun uylar qurib qoʻyganiga minnatdorligimni qanday izhor etishni bilmayman. Shu choqqacha maʼyus koʻzlari kula boshlagan qizlarimga qarab, “biz oʻz uyimizda yashayapmizmi, oʻngimizmi tushimizmi”, deyman tinmay.

Yana bir gapni aytsam, ishonmaysiz. Tasodifni qarangki, bu yerda tugʻishgan opam bilan qoʻshni boʻlib qoldik. Opam ham endi mendan bemalol xabar olib turishi mumkinligidan xursand. Chunki 2-3 yil avval quvvatsizlikdan hushimni yoʻqotib, yiqilganimda boshim toshga tegib, qattiq shikastlangan edi. Shuning asoratimi, tez-tez hushimni yoʻqotadigan boʻlib qolganman. Mana shunday paytda yoningda yaqining, jigaring boʻlsa der edim. Tagʻin uyimizga yaqin joydagi katta toʻqimachilik korxonasiga ishga ham joylab qoʻyishdi. Yangi jamoada hamma yaxshi gapiradi, koʻnglimga qaraydi.

Mahalla fuqarolar yigʻinida ishlaydigan Omina opa esa xuddi onam kabi gʻamxoʻrlik koʻrsatyapti. Oʻziga 2 ta non olsa, bittasini berib ketadi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, idish-tovoqdan ham yordam qilyapti. Endi sogʻligim haqida ham qaygʻura boshladi. Bepul davolanasiz, order olib beramiz, deyapti. Narigi mahallamizda ham “Ayollar daftarida” roʻyxatda turar edim. Shu paytgacha ular ham moddiy yordamlar berib kelishdi. Koʻchib kelgan kunimizdanoq bu yerda ham “Ayollar daftari”ga kiritildik.

Menga oʻxshagan qancha-qancha uysizlarni uyli qilib, kutilmagan baxtga erishtirayotganlari uchun avvalo Prezidentimizga, hokimlarimizga mingdan-ming rahmat aytaman. Asta-sekin hammasi boʻlar ekan. Ayniqsa, bizning yurtimizda hech bir inson oʻz holiga tashlab qoʻyilmasligiga yana bir bor guvoh boʻlib turibman. Fuqarolariga bunday gʻamxoʻr davlat boʻlmasa kerak. Bu yogʻiga mana shu gʻamxoʻrlikka javoban qizlarimni yurt xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalayman. Oʻzim esa halol mehnatim bilan farovonlikka hissa qoʻshaman. Inson ruhiyati baland boʻlsa, hurmat topsa, oila va farzandlar uchun, yurt farovonligi uchun shijoati paydo boʻlishiga chin dildan ishondim.

Arofat BEKNAZAROVA,

Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani “Maʼmurobod” MFY