Bu boʻyicha Hukumat “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qogʻozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (109-son, 18.03.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-iyunga qadar:
- ishlatilgan qogʻozlarni yigʻish uchun maxsus chiqindi quti (konteyner)lari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
- har bir tarkibiy boʻlinmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qogʻoz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.
2026-yil 1-maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:
- kelgusi 5-yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qogʻoz, siyoh, printer va nusxa koʻchirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
- printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
- har oyda 1 marotaba «Qogʻozsiz bir kun« ekoaksiyasi oʻtkaziladi.