Maslahatlashuvlar Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov va Misr Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ayman Komil rahbarligida oʻtkazildi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi diplomatik aloqalar oʻrnatilganligining 30 yilligi bilan bir-birlarini qutlar ekan, ikki davlatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada jadallashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini tasdiqladilar.
2018-yil 4-5-sentyabr kunlari Toshkentda, 2022-yil 5-fevralda Pekinda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisi oʻrtasida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqqanligi qayd etildi.
Xalqlarimizga xos boʻlgan tarixiy va madaniy mushtaraklik hamda urf-odatlarning yaqinligi va oʻxshashligi Oʻzbekiston-Misr munosabatlarining mustahkam poydevori sifatida xizmat qilayotganligi alohida koʻrsatib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qohira shahridagi Elchixonasi maʼlumotiga koʻra, suhbat davomida ikki davlat ishbilarmonlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni qoʻllab quvvatlash, oʻzaro sayyohlar oqimini oshirish, taʼlim, diniy-maʼrifiy, innovatsiya, sogʻliqni saqlash, xavfsizlik kabi ustuvor sohalarda aloqalarni kengaytirish, buyuk allomalarimiz merosini tadqiq etish, muzeyshunoslik va arxeologik yodgorliklar yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalar va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.