Qoidaga amal qilmay harakatlangan haydovchi poyezd ostida qoldi

    Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasdan harakatni davom ettirgan haydovchi poyezd bilan toʻqnashdi.

    Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmati xabar berdi.

    Shu yilning 06-avgust kuni soat 12:40 larda Surxondaryo viloyati, Qumqoʻrgʻon tumani “Joziba” mahallasi hududidan oʻtuvchi 4N 1591 avtomobil yoʻlning 0 kilometrida 2000-yilda tugʻilgan haydovchi “Lasetti” rusumli avtomobilda “Qumqoʻrgʻon-Elbayon” temir yoʻl bekati oraligʻidagi temir yoʻl kesishmasida oʻrnatilgan ogohlantiruvchi svetoforning taqiqlovchi ishorasiga boʻysunmay harakatni davom ettirgan vaqtida, shu yoʻnalishdan harakatlanib kelayotgan “Sariosiyo-Termiz” yoʻlovchi poyezdi bilan toʻqnashdi.

    Hodisa oqibatida haydovchi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etdi.

    Hozirda holat yuzasidan Qumqoʻrgʻon tumani IIB Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.