Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Toʻrtkoʻl tumani boʻlimlari tomonidan IIV xodimlari bilan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Yu.R. oʻz uyda yashirin sex tashkil qilib, qoʻlbola usulda alkogolli ichimliklarni ishlab chiqarayotganligi aniqlanib, jami 2 203 dona «Qaratau» nomli alkogol mahsuloti, 15 litr spirt va boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Chimboy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro G.T. oʻz uyida yashirin sex tashkil etib, xaridor G.ga qalbaki aksiz markali 120 dona «Qaratau» nomli alkogol mahsulotini 4 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu yashirin sexdan qalbaki aksiz markali jami 1 804 dona «Qaratau» nomli alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, Departamentning Nukus shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro K.U. “Damas” rusumli avtotransport vositasida qalbaki aksiz markali jami 530 dona «Qaratau» nomli alkogol mahsulotini oʻtkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, qoʻlbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.