Qoʻlda toʻqilgan gilamlarga QR-kodlar oʻrnatiladi

    Biznes 31 Iyul 2020 1354

    Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan 2020-yil 27-iyulda “Qoʻlda toʻqilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish” mavzusida onlayn yigʻilish oʻtkazildi.

    Yigʻilishda Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va xususiy sektor vakillari ishtirok etdilar.

    Tadbir QR-kodlarda har bir gilamning toʻqilish jarayoni, chevar xotin-qizlar va ularning ishlash sharoitlari hamda boshqa shu kabi maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan mobil ilovani ishlab chiqish maqsadida uyushtirilgan boʻlib, unda dastlab “Smart Chain” MCHJ vakillari oʻzlarining “NazzAR” dasturi taqdimotini oʻtkazdilar.

    Taqdimotda qoʻlda toʻqilgan gilamlar haqidagi maʼlumotlarni qoʻshimcha reallik texnologiyasi orqali ovozli eshittirishlar, video fragmentlar, uch oʻlchamli gologrammalar va boshqa koʻrinishda taqdim etish imkoniyatlari, innovatsion marketing afzalliklari koʻrsatib berildi.

    Shundan soʻng, ishtirokchilarning moliyaviy masalalar, dasturni ommalashtirish va gilamchilik sohasidagi boshqa ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish bilan bogʻliq savollarga javob berildi.

    Uchrashuv yakunida qoʻlda toʻqilgan gilamlarning eksport salohiyatini va turistlar uchun jozibadorligini oshirish uchun QR-kodlar boʻyicha har bir gilamning toʻqilish jarayoni, chevar xotin-qizlar va ularning ishlash sharoiti toʻgʻrisida materiallar tayyorlashga hamda oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.