Qo'lda yozish xotirani mustahkamlaydi!

    Fikrlarni kundalikka yozish deysizmi, sanalarni xotiralar bilan birga qayd etib borish, she'r yozib ko'rishga harakat qilish yoki roman yoza boshlashga urinishmi – farqi yo'q: “eskirgan” qalam va qog'oz hissiy holatimizga katta ta'sir ko'rsatadi, bu o'quvchilarning fikrlarini tartibga solish va hatto kayfiyatlarini yaxshilashga yordam beradi.

    Bugun qo'lda maktub bitish uzoq o'tmishga aylanib qolgandek. Nafaqat oddiy odamlar, balki yozuvchilaru jurnalistlarning ham ko'pchiligi bugun qog'oz, qalamdan yiroqlashgandek. Uyali telefonlarning kichik katakchalari yoxud komp`yuter klaviaturasida harf terishga barmoqlarimiz moslashib ketdi. Axborotdan qanday foydalanishimiz va hatto hayotimizni qanday tashkil qilishimizda texnologiya juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ammo biror yangi va foydali narsa mavjudligi eski usul endi ahamiyatsiz ekanligini anglatmaydi.

    Bu haqiqat, ayniqsa, yozish haqida gap ketganda o'rinli. Texnika asrida ham qalamni qog'ozga qo'yish kerak bo'lgan paytlar juda ko'p uchraydi, masalan, imtihonning insho yozish qismida. Biroq, ma'lum bo'lishicha, yozuv malakasi faqat maktab uchun talab qilinmaydi: yozuv – bu miya va tanaga koni foyda ekanligi isbotlangan faoliyat.

    Fikrlarni kundalikka yozish deysizmi, sanalarni xotiralar bilan birga qayd etib borish, she'r yozib ko'rishga harakat qilish yoki roman yoza boshlashga urinishmi – farqi yo'q: “eskirgan” qalam va qog'oz hissiy holatimizga katta ta'sir ko'rsatadi, bu o'quvchilarning fikrlarini tartibga solish va hatto kayfiyatlarini yaxshilashga yordam beradi.

    “Eskirgan faoliyat uslubi” sifatida baholanishiga qaramay, yozuv malakasi hali hamon ta'lim jarayonida va undan keyin ham ko'plab kognitiv foydaga ega bebaho mahorat hisoblanadi.

    Qo'l bilan yozishning ba'zi foydalarini ko'rib o'tamiz:

    1. Stressni yo'qotadi. Yozish harakatining o'zi stressni kamaytirishi mumkin, bu esa dars davomidagi diqqat va e'tiborni yaxshilashga yordam beradi.
    2. Ijodkorlik va fikrlashga undaydi. Yozuvni odatga aylantirish, ijodkorlikni oshirishi va tafakkurni chuqurlashtirishi, miya faoliyatini o'tkirlashtirishi aniqlangan.
    3. Xotirani charxlaydi. Qo'l bilan yozish, shuningdek, xotirani va qayta esga tushirish qobiliyatini oshirishi fanga ma'lum. Qalamni qog'ozda harakatlantirish miyaning faollashishini ta'minlaydi, bu esa o'quvchining anglash qobiliyatini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari qo'lda yozish jarayonida klaviaturada yozishdan ko'ra ko'proq sezgirlik va motorli neyronlar ishtirok etadi.
    4. Tuyg'ular sokinligini beradi. His-kechinmalar haqida yozish kayfiyatni yaxshilashi va xotirjamlik hissini uyg'otishi mumkin. Qalamni sahifaga qo'yishning o'ziyoq yorqin fikrlarni yuzaga keltirishi va bularni tartibli ravishda namoyish etishga yordam beradi, bu esa ruhiyatdagi og'irliklarni engillashtirishga sabab bo'ladi.
    5. Minnatdorchilik hissi. Ba'zi tadqiqotlar shukur qilish haqida yozish, ayniqsa yotishdan oldin, uyquni yaxshilashga yordam berishi mumkinligini ko'rsatadi. Shunday hollarda ertanggi kuni bo'ladigan ta'lim jarayonining yaxshi natijalarni keltirib chiqarishi turgan gap.
    6. Qo'l motorikasini rivojlantiriadi. YOsh bolalarning barmoqlar motorikasi rivojlanishi hamda nutqi tezroq chiqishiga ham qo'l bilan yozish ko'mak beradi.

    Demak, yozishga va yozdirishga erinmang! Klaviaturani chetroq qo'ying-da, ruchka yoki qalamni mahkam tutib, yozishga chog'laning! Zero qancha miqdorda yozishingizdan qat'i nazar ushbu ta'limiy va hayotiy mahoratning afzalliklaridan bahra olasiz!

    E'zoza Sobirova,

    Toshkent davlat yuridik universitetning

    Ixtisoslashtirilgan filiali o'qituvchisi.