Qoʻmitasi majlisida Ombudsmanning hisoboti dastlabki tarzda koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 28 Fevral 2024 1260

    Bugun, 28-fevralda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda navbatdagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan 2023-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

    Xususan, Ombudsman nomiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 2023-yilda 18 622 tani tashkil etganligi taʼkidlandi.

    Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlarning 1 269 tasi mulk daxlsizligi huquqi, 895 tasi mehnat qilish huquqi, 407 tasi iqtisodiy huquqni sud orqali himoya qilish hamda 280 tasi boshqa masalalarga oid iqtisodiy huquq va erkinliklarga doir murojaatlar hisoblanadi.

    Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy huquqlari kafolatlanishi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash borasida kelib tushgan 3 586 ta murojaatning 344 tasi ijobiy hal etilgan.

    Fuqarolarning Ombudsmanga qilgan murojaatlari asosida ularning manfaatlarida 1 847,2 million soʻmlik mablagʻlarning undirilishiga erishilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokamadan soʻng koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.