Oʻquvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning maʼnaviy-intellektual salohiyatini yanada oshirish, oʻtmishni yaxshiroq his qilgan holda bobolari tarixini yaqindan oʻrganish, yuksak maʼnaviy fazilatlarini boyitish maqsadida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-oʻqituvchilar, tarixshunos olimlar, harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda tarixshunos olimlar tomonidan Amir Temurning adolatli jamiyat barpo etish, xalq farovonligini taʼminlash, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga oid ezgu tamoyillari qayd etib oʻtildi.
Darhaqiqat, buyuk sarkardaning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik, ilmu fan, sanʼat va meʼmorchilikka oid qarashlari, hayot, ezgu amallar haqida bildirgan fikrlari, har bir masalada yetti oʻlchab, el manfaatini oʻylab ish tutish bilan bogʻliq ibratli fazilatlari “Temur tuzuklari” asarida batafsil yoritilgan.
Tadbir davomida qoʻmondonlik tasarrufidagi “Isteʼdod” badiiy-havaskorlik jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi. Shuningdek, tadbir yakunida faol yoshlar hamda tadbirni tashkil qilishda yaqindan yordam bergan ishtirokchilarga tashakkurnoma hamda “Temur tuzuklari” kitobi sovgʻa qilindi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.