Qomus - millat nomusimi?

    Fikr 4 Dekabr 2025 300

    Dunyoda yashayotgan har bir xalqning oʻz yashash nizomi, hayotiy dasturi bor. Unda millatning asriy orzulari, koʻzlagan maqsadlari va eng muhimi — kelajakka boʻlgan mustahkam ishonchi bitilgan.

    Bizning ana shunday muqaddas va buyuk ahdimiz muqaddimasi — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidir. Bu huquqiy hujjat tarixning taqdir chigʻiriqlarida oʻz yoʻlini aniqlab olgan, ming mashaqqat chekib, hurlikni tanlagan va yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga bel bogʻlagan sharafli xalqning vijdoni, irodasi va aql-zakovatining oliy mahsulidir.

    Ayni damda, biz Qomusimizning har bir moddasi mohiyatiga eʼtibor qaratar ekanmiz, unda har bir insonning qadr-qimmati, huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat darajasida poydevori ekanligini anglaymiz. U — tinchlikning kafolati, adolatning tarozisi, demokratik jamiyatning bosh xaritasi sifatida barchamizga toʻgʻri yoʻl koʻrsata oldi. Darhaqiqat, qadim ildizidan oʻz milliy davlatchiligiga ega boʻlgan, bugun esa jahon hamjamiyatida munosib oʻrnini egallagan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi oʻz xalqining ertasi uchun chinakam mayoqqa aylandi.

    U bizni birlashtiradi, kuch beradi va Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida masʼuliyatni his etishga undaydi. Biz bugun Konstitutsiyaning qudratini hayotimizning har bir pallasida, faoliyatimizning har qaysi boʻgʻinida jonli mexanizm sifatida his etib turibmiz. Uning yangilangan ruhi xalqimizning orzu-umidlari bilan uygʻunlashib, yurt taraqqiyotiga yangi surʼat bagʻishlamoqda.

    Qomus – millat nomusimi?

    Millatning nomusi – bu uning vaʼdasi, qasamyodi, oʻzligi va imon-eʼtiqodining ifodasi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi - butun millatning, har bir fuqaroning, ayniqsa, har bir er yigitning nomusidir. Qomusga sadoqat – bu Vatanga, tarixga, kelajakka va eng muhimi, oʻzlikka sadoqat. Zero, oʻtmishda xalq dostonlaridagi alplarning kuchi faqat jismoniy qudratida emasdi. Ularning soʻzida turishi, berilgan qasamga xiyonat qilmasligi — jasurlikdan yuqori turgan nomusi edi. Ular oʻz urugʻining, el-yurtining adolat va halollik tamoyillarini himoya qilgan. Qasamni buzish — eng ogʻir sharmandalik, yaʼni nomusdan ayrilish deb baholangan. Eng buyuk sarkardalar va davlat arboblari qonunning ustunligini oʻz nomusi deb bilganlar. Xorazmshohlar saltanati qulaganda ham, ozodlik bayrogʻini tushirmagan Manguberdi, qudratli imperiyani zoʻrlik yoki kuch bilan emas, "Temur tuzuklari" bilan boshqargan buyuk Sohibqironlar bizlarga shunda kuchli oriyatni, qonunga hurmatni abadiy meros qoldirdi. Chunki nomus bilan yashagan insongina — oʻz Vatani va xalqi oldidagi burchini sharaf bilan ado eta oladi. Er yigitning qaddi-qomatini tiklab turuvchi – uning nomusi boʻlsa, davlat va jamiyatning tayanchi – uning Qomusidir!

    Odiljon RAXMATOV,

    Fargʻona davlat universiteti,

    Fizika-matematika fakulteti dekani oʻrinbosari

    pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD