— Albatta gipotoniya belgilari kuzatilganda, eng avvalo, shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Aks holda biron bir yashirin kechayotgan jiddiy kasallikni oʻtkazib yuborish mumkin, — deydi mutaxassis.
— Shuningdek, gipotoniklar har kuni boshqalarga nisbatan 2-3 stakan koʻproq suv ichishga odatlanishlari kerak. Sport bilan shugʻullanish ham qon bosimi pasayishining oldini olishga yordam beradi. Buning uchun piyoda sayr qilish, suzish, serharakat oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlish lozim. Bu esa organizmda qon aylanishini yaxshilab, tana aʼzolarining bir maromda ishlashini taʼminlaydi.
Quloqlarning ogʻriqli nuqtasi va qoʻl va oyoqlardagi barmoqlar uchini uqalash ham organizm faoliyatiga ijobiy taʼsir etadi.
Bundan tashqari, ushbu kasallikka chalingan bemorlar taomnomasida mineral moddalar va V, S, R vitaminlari yetarli miqdorda boʻlishi kerak. Ayniqsa, gipotoniyada suli yormasi va grechixadan tayyorlangan boʻtqalar juda foydali. Lekin xamir va yogʻli ovqatlarni kamroq isteʼmol qilish maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, uy sharoitida shoʻr baliq, ziravorlar bilan ishlov berilgan guruch isteʼmol qilish, qahva ichish (qachonki uni kam isteʼmol qiladigan insonlar ichganda) qon bosimini oshiradi. Biroq shoʻr mahsulotlar bilangina qon bosimini koʻtarish toʻgʻri emas. Boisi natriy yurak yetishmovchiligi (ayniqsa, yoshi katta insonlarda) va boshqa kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin.
Bu borada suhbatni mutaxassis bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.