Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzali foydalanishga topshirildi

    Qoʻngʻirotlik Baxtыbay Djiyenbayev temir yoʻl sohasida 37-yil mehnat qilib, bugungi kunda nafaqada dam olmoqda. Yangidan qad rostlagan Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzali binosini hamkasblari bilan tomosha qilib, zamonaviy uslubda qad koʻtargan binoga uzoq vaqt nazar tashlab, oʻtgan davrlarini bir-bir esladi. Qoʻrimsiz, eski vokzalda ogʻir sharoitda ishlar olib borar edi. Endi butkul boshqacha manzara. Haqiqatdan ham Qoʻngʻirot tumanidagi qurilish va obodonlashtirish ishlarining yaqqol namunasidir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-mart kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi yakunlarida berilgan topshiriqlari boʻyicha 15-sonli bayoni ijrosini taʼminlashda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati zimmasiga “Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzali” binosini yangidan qurish vazifasi yuklatilgan edi.

    Qisqa davr mobaynida “Toshtemiryoʻlloyiha” MCHJ mutaxassislari bilan birgalikda zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablariga binoan, Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzali binosi loyihasi ishlab chiqilib, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

    Jamiyatning oʻz mablagʻlari hisobidan 12.5 milliard soʻm sarflanib bunyod qilingan ushbu zamonaviy temir yoʻl vokzali bugun foydalanishga topshirildi.

    Shu munosabat bilan tashkil qilingan tantanali marosimda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining raisi Amanbay Orыnbayev, “Oʻzbekiston temir yoʻllari“AJ Bosh muhandisi -Bosh menedjeri Sharofitdin Qodirov, shuningdek, Qoʻngʻirot tumani mehnat faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar, Davlatimiz rahbarining, aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, temir yoʻl tizimida yoʻlovchilarga hamda tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida qabul qilgan qarorlari ijrosini taʼminlash borasida samarali ishlar olib borilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

    - Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzali oʻtgan asrning oʻrtalarida yaʼni, 1955-yilda qurilgan boʻlib bir vaqtning oʻzida 50 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan. Umumiy foydalanishdagi maydoni 460 m2 tashkil etadigan ushbu vokzalda yoʻlovchilarga sifatli servis xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud emas edi, -deydi Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzali boshligʻi Kamalatdin Akimov. — Yurtboshimizning tashabbuslari bilan eski vokzal oʻrniga qurilgan mazkur yangi va zamonaviy majmuaning umumiy foydalanishdagi maydoni 820 m2 ni tashkil etib 22 ta xonani oʻz ichiga olgan. Yangi vokzalning oʻzida endilikda bir vaqtning oʻzida jami 150 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Bu esa oldingiga nisbatan uch barobar koʻproq degani.

    Vokzali binosining birinchi qavatida temiryoʻlchilar hamda ichki ishlar xodimlari xizmat xonalari, kutish zali, deputatlar xonasi, ona va bola xonasi, sanitariya nazorati, tez tibbiy yordam koʻrsatish va ogʻir bemorlar vaqtinchalik dam olish xonalari, bufet, savdo shoxobchasi, ayollar, erkaklar va nogironlarga moʻljallangan maxsus hojatxonalar joylashgan. Vokzalning ikkinchi qavatida esa, barcha qulayliklarga ega, zamonaviy anjom-uskunalar bilan jihozlangan mehmonxona va ovqatlanish xonasi mavjud. Mehmonxona jami 7 ta xonadan iborat boʻlib, 17 nafar kishiga xizmat koʻrsatadi.

    Umumiy maydoni 252 m2 boʻlgan alohida bir qavatli chipta sotish kassasi ham barpo qilindi. Yoʻlovchilarning yogʻingarchilik, yoki jazirama kunlarda foydalanishlari uchun, umumiy maydoni 277.2 m2 boʻlgan soyabon ham qurildi.

    - Men temir yoʻl sohasida 28-yildan buyon mehnat qilib kelmoqdaman. Lekin, bugungidek sharoit rosti oldinlari umuman boʻlmagan, — deydi Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzali navbatchisi Ashirbay Seytjanov. – Asosan biz Qoʻngʻirot-Toshkent, Qoʻngʻirot-Andijon, Volgagrad -Toshkent, Mangʻыstaoʻ -Nukus, shuningdek, Dushanbe -Volgagrad, Xoʻjakent -Volgagrad yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdlarga xizmat koʻrsatamiz.

    Yangi barpo etilgan vokzalda bundan tashqari, nazorat oʻtish punkti binosi, shuningdek, vokzal hududida umumiy maydoni 20 m2 boʻlgan ichimlik suvi bilan taʼminlovchi nasos stansiyasi binosi ham qurilgan. Sugʻorish uchun va yongʻinga qarshi suv rezervuarlarining qurilgani, vokzal atrofini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.

    Sohada zamonaviy infratuzilma bino va inshootlarini barpo etishda erishilgan yutuq, yaʼni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisiga namunali xizmat koʻrsatilishini taʼminlash, yoʻlovchi hamda sayyohlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida qurib bitkazilgan Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzalining foydalanishga topshirilishi yangi yil bayrami arafasida Qoraqalpogʻistonlik yurtdoshlarimizga, qolaversa ushbu diyorga tashrif buyuradigan mehmonlarga bayram sovgʻasi boʻldi.

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar, yurtimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyatini, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladigan mana shunday ezguliklar, insonlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qiladigan savobli ishlar yanada koʻp va bardavom boʻlishini mamnuniyat bilan eʼtirof qildilar.

    Minajatdin Qutlыmuratov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri