Qo‘ng‘irotda IT o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi

    Raqamlashtirish 29 Aprel 2021 1019

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi. Ushbu markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan o‘n birinchi o‘quv markazi hisoblanadi.

    O‘quv IT markazini ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Axborot texnologiyalari vazirligi hududiy boshqarmasi, Qo‘ng‘irot tumani hokimligining rahbar va xodimlari hamda tumanning faol yoshlari ishtirok etdilar.

    O‘quv markazi zamonaviy kompyuter texnikalari, mebel jihozlari va boshqa eng so‘ngi rusumdagi texnika vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, aholi va yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida bilim egallashlari uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

    Tuman yoshlari ushbu o‘quv markazda kompyuter savodxonligi, robototexnika, kibersport hamda boshqa bir qator yo‘nalishlarda bilimini oshiradilar. Shu bilan birga yoshlar axborot texnologiyalari, dasturlash sohalarida innovatsion ishlanmalar yaratish, startap loyihalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadilar, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.