Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikkasi maktabgacha taʼlim vazirligining Ichki audit xizmati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumani davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 2021yil yanvar oyida oʻrganish oʻtkazildi. 1-sonli DMTTning direktori E.Bekbergenovaning oʻz lavozimida 31.01.2018-yildan 21.12.2020-yilga qadar ishlab kelgan. Direktorning ustidan xodimlar tomonidan kelib tushgan shikoyatlarni oʻrganish maqsadida Ishchi guruh shakllantirildi.
Oʻrganish davomida MTT rahbari tomonidan 399,2 mln. soʻmlik moliyaviy xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi. Jumladan:
DMTTga har xil lavozimlarga ishga rasmiylashtirilgan 5 nafar fuqarolar DMTTda ishlamagan va vazifa bajarmagan boʻlsada, ularning nomiga 24,0 mln. soʻm ish haqi yozilib toʻlangan;
2018-2021-yillarda 33 nafar xodimlarning mutaxassisligi toʻgʻri kelmasada qoʻshimcha ish vazifalari notoʻgʻri yuklanib hamda ushbu vazifalar bajarilmagan boʻlsada, ularga 28,9 mln.soʻm ish haqi ortiqcha toʻlangan.
16 nafar xodimlarga 1,0 birlikdan ortiq ish vazifalar yuklanib, ish vazifalar uchun toʻlangan 46,9 mln.soʻm ish haqi xodimlarning tushuntirish xatlariga koʻra CLICK xizmati orqali DMTT musiqachisi va DMTT direktori E.Bekbergenovaning plastik kartochkasiga oʻtkazib berilgan hamda shundan 8,5 mln.soʻm ish haqi haqiqatda bajarilmagan ish xajmi uchun toʻlangan.
DMTTda 1,0 birlikda metodist lavozimida ishlagan G.Otepovaga 2020-yil yanvar va fevral oylarida mehnat qonunchilikda zid ravishda tuman MTB tomonidan qoʻshimcha 0,5 birlik ish yurituvchi va 0,5 birlik sektor boshligʻi vazifalari yuklatilgan va 838,5 ming soʻm oʻrindoshlik uchun ortiqcha toʻlangan, G.Otepovaga 2019-yil noyabrdan 2020-yil fevral oyigacha DMTTdagi metodist vazifasi uchun toʻlanganligi rasmiylashtirilgan ish haqining 60 foizi 7,1 mln.soʻm DMTT direktori E.Bekbergenovaning plastik kartochkasiga CLICK xizmati orqali oʻtkazib kelingan.
DMTT direktori tomonidan 3,63 birlik shtat birliklariga xodim olmasdan va boʻsh ish oʻrni boʻyicha tegishli mehnat organlariga hisobotlar topshirmasdan mehnat qonunchiligi buzilgan.
DMTT direktori E.Bekbergenova tomonidan 1 ta tarbiyachi yordamchiga
2018-yil oktyabr oyidan 2019-yil dekabr oyigacha oʻzining uyida har xil turdagi maishiy ishlarni, 2 ta qorovulga 2020-yil 5 oy davomida oʻzining eski uyini buzdirib yangi uy qurdirgan boʻlsada, ushbu davr mobaynida ish vazifasini bajarmagan 2 ta qorovulga va 1 ta tarbiyachi yordamchiga byudjet hisobidan jami 16,1 mln. soʻm ish haqi ortiqcha toʻlangan va DMTT uchun ajratilgan shtat birliklaridan oʻz manfaat yoʻllarida foydalangan.
Markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tomonidan mehnatga haq toʻlash meʼyorlariga amal qilinmasdan 1,9 mln. soʻm ish haqi ortiqcha toʻlangan.
Oziq-ovqat mahsulotlarini kunlik taomnomalarga qoʻshib yozish natijasida 7,3 mln. soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari asossiz hisobdan chiqarilgan.
2018-2020-yillarda 5,7 mln. soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari meʼyordan koʻp taomnomaga kiritilib, ortiqcha hisobdan chiqarilgan.
DMTT moddiy javobgar shaxsi tomonidan hamda markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati xodimlari nazorat tashkil etilmaganligi natijasida 5,2 mln. soʻmlik oziq-ovqat va 50,9 mln. soʻmlik tovar-moddiy boyliklar kamomadi hamda 0,7 mln. soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari ortiqchaligiga yoʻl qoʻyilgan.
DMTT ombor mudiri va oshpazlari tushuntirish xatlariga koʻra, DMTTda 2018-2020-yillarda taomnomada yozilgan goʻsht va sut mahsulotlarining yarimi yaʼni 4932 kg 159,6 mln.soʻmlik goʻsht hamda 15 504,5 litr 53,1 mln.soʻmlik sut mahsulotlari qozonga solinmagan.
Oʻrganish hujjatlari qonuniy qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tuman boʻlimiga topshirilgan. Shuningdek, vazirlik buyrugʻiga asosan 21.12.2020-yil lavozimidan ozod etildi.
24-25-mart kunlari sud qaroriga asosida E.Bekbergenova lavozimiga qayta tiklangan. Shundan soʻng, MTT xodimlari oʻz norozilik namoyishlarini uyushtirgan.
5-aprel kuni Qoraqolpogʻiston Respublikasi MTVning maʼlum qilishicha 1-son MTT direktori E.Bekbergenova qayta lavozimidan chetlashtirildi.
Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati