Qonun bilan Davlat bayrogʻidan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda

    Mamlakatimizda 23 Iyun 2023 2581

    Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Qonun senatorlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi.

    Mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida hozirgi zamon voqeliklarini, fuqarolarning takliflari va talab-istaklarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

    Taʼkidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib borayotganligini, ayniqsa, madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta gʻalabalarga erishilib, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi jahon uzra baland koʻtarilayotganligini inobatga olib, undan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirish ehtiyoji yuzaga kelgan.
    Shu ehtiyojdan kelib chiqib, amaldagi Qonun bir nechta yangi normalar bilan toʻldirilmoqda.

    Xususan, ushbu Qonun bilan Davlat bayrogʻidan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni taʼminlagan holda bayrogʻimizdan foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Shuningdek, bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida boʻlgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkinligi nazarda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda.

    Oʻz navbatida, Senat aʼzolari tomonidan Qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar Davlat bayrogʻidan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda aholi, ayniqsa yoshlarining oʻz yurtiga nisbatan mehr-muhabbat, faxr-iftixor tuygʻularining va vatanparvarlik hissining yanada oshishiga, eng muhimi, xalqimizning bayroq bilan yanada yaqinroq munosabatda boʻlishiga xizmat qilishi qayd etildi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.