Taʼkidlanganidek, ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksi, “Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini tashqi auditdan oʻtkazish va baholash tizimi joriy etilib, Qonunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini shakllantirish va ularni ijro etish toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni Hisob palatasi tomonidan har yili tashqi auditdan oʻtkazish hamda baholash tizimi joriy etilmoqda.

Byudjet kodeksida Hisob palatasining vakolatlari ham kengaytirilib, u Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining loyihalari boʻyicha esa tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga xulosa taqdim etishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibiga kiritilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti mablagʻlari hisobidan shakllantiriladigan, ammo uning tarkibiga kirmaydigan jamgʻarmalarni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda.

Qonunning maʼqullanishi byudjet jarayonining ochiqligi, toʻliqligi va xalqaro standartlarga mosligini taʼminlashga koʻmaklashadi hamda byudjet jarayoni ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.