Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining ishchi guruhi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, sohaga oid vazirlik, idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini dastlabki tarzda muhokama qildi.
Qayd etilganidek, Qonun alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
Hujjat fuqarolarning, eng avvalo, yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslarning sogʻligʻini alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zararli taʼsiridan, bu bilan bogʻliq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, shuningdek jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirish uchun tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
Yigʻilishda Qonun bilan kiritilayotgan yangi normalarga nisbatan berilgan takliflar ham muhokama etildi. Xususan, hujjatning “Tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining aylanishi” toʻgʻrisidagi moddasida chekilmaydigan tamaki mahsulotlarini, shu jumladan tarkibida nikotin mavjud boʻlgan chekilmaydigan mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish (shu jumladan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali olib kirish) hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish taqiqlanishi belgilangan.
Respublika hududida faoliyat yurituvchi “UZBAT A.O.” qoʻshma korxonasi mazkur norma investitsiya loyihasiga taʼsiri toʻgʻrisida fikr va takliflar bildirdi.
Ishtirokchilar Qonun yuzasidan bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda, hujjatni takomillashtirish lozimligini taʼkidladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.