Ta’kidlanganidek, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunda sog‘liqni saqlash amaliyotida tashxis qo‘yish va davolashning faqat qo‘llashga ruxsat etilgan usullaridan foydalanilishi belgilangan.
Ammo tashxis qo‘yish va davolashning ruxsat etilmagan usullarini qo‘llagan holda tibbiy yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.
Mazkur qonun bilan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatganlik, shuningdek xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy naf olish evaziga ko‘rsatganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilanyapti.
Shu bilan birga, mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik o‘rnatiladi. Bundan tashqari, «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilishni taqiqlovchi norma bilan to‘ldirilyapti.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.