Qonun mulkiy huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan

    Mamlakatimizda 7 Oktabr 2022 1114

    Senatning oʻttiz uchinchi yalpi majlisida senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni muhokama qildilar.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

    Shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik-huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritishning huquqiy asoslari mustahkamlanyapti.

    Joriy yilda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.

    Buning natijasida jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qoʻyish masalalarini toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan yaxlit qonun bilan tartibga solinyapti.

    Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi ekani qayd etildi.

    Qonun bilan “Garov toʻgʻrisida”gi Qonunga va Fuqarolik kodeksiga mulkiy huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan oʻzgartishlar kiritilyapti.

    Xususan, “Garov toʻgʻrisida”gi Qonunda agar garovga qoʻyuvchining garov narsasi hisoblanuvchi mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi mol-mulkning jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi oqibatida qonunda belgilangan asoslarda va tartibda bekor boʻlsa, garovga qoʻyuvchiga boshqa mol-mulk berilishi yoki tegishli tovon toʻlanishi belgilanyapti.

    Shuningdek, mulk huquqi bilan bogʻliq munosabatlar maxsus qonun, yaʼni “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinayotganligi inobatga olinib, Fuqarolik kodeksining tegishli moddalaridagi “qonun hujjatlari” degan soʻzlar “qonun” degan soʻz bilan almashtirilyapti.

    Qonunning hayotga tatbiq etilishi amaldagi qonunlarda nazarda tutilgan qoidalarning turlicha talqin qilinishining oldini olishga hamda mulkka boʻlgan huquqlarni bekor qilish va mulkka doir munosabatlarni faqat qonun doirasida tartibga solishga erishiladi.

    Shu bilan birga, mulkdorlarning huquqlari ishonchli himoya qilinishi va xususiy mulkning but saqlanishini taʼminlash uchun qoʻshimcha huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi.

    Muhokamalardan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.