Taʼkidlash joizki, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti va qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida qurol va uning oʻq-dorilari muomalasi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunning amaldagi ijrosi, uning normalarini qoʻllashda vujudga kelgan muammolar tahlil qilinmagan.

Jumladan, joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar mamlakatimizda “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosi va oʻqotar qurolning muomalasi bilan bogʻliq qator tizimli muammolar aniqlandi.

Xususan, hozirgi kunga qadar qurolga egalik qilishga toʻsqinlik qiluvchi kasalliklar roʻyxati tasdiqlanmagan.

Oʻqotar ov quroliga egalik qilish uchun fuqaroga nisbatan tibbiy cheklovlar mavjud boʻlsada, uning spirtli ichimliklarga ruju qoʻyganligi, giyohvandlikka mubtalo boʻlganligi tegishli ruxsatnoma olish uchun toʻsqinlik qilmaydi.

Shuningdek, qurol egalarini tibbiy cheklovlar boʻyicha davriy ravishda tekshirish, ular bilan birga yashovchi fuqarolar orasida ruhiy kasallikka chalingan, spirtli ichimlikka ruju qoʻygan, giyohvandlikka mubtalo boʻlganlariga eʼtibor qaratish mexanizmlari mavjud emas.

Shu bilan birga, oʻqotar ov qurollari hamda pnevmatik va oʻzini oʻzi himoya qilish qurollari bilan kirish taʼqiqlangan obyektlar uchun umummajburiy tartib oʻrnatilmagan.

Ushbu holatlar, oʻz navbatida turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunga misol qilib, soʻnggi yillarda dunyo mamlakatlarida qurol
va uning oʻq-dorilari muomaplasi bilan bogʻliq roʻy berayotgan salbiy holatlar, shu jumladan kuni kecha Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida maktabda sodir etilgan ayanchli holatni keltirish mumkin.

Yuqoridagilarni inobatga olib, senatorlar qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti hamda qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan sohada vujudga kelgan muammolarni kompleks tahlil qilib, soʻngra amaldagi “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa qonunchilik normalarini tubdan takomillashtirish masalasini oʻrganib chiqish va shundan soʻnggina Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda javobgarlik choralarini belgilash maqsadga muvofiq deb hisobladi.

Senatorlar tomonidan Qonunda tartibga solinadigan jamoatchilik munosabatlarining muhimligi va ahamiyatini eʼtiborga olinib, “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonunni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.