Adliya vazirligi tomonidan vazirliklar va idoralarda mutlaqo yangicha yondashuv asosida joriy etilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni ijro etish tizimining mazmunini tushuntirish va oʻzaro hamkorlikning kelgusidagi masalalari boʻyicha amaliy uchrashuvning navbatdagisi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida oʻtkazildi.

Vazirlikning masʼul xodimlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning huquqiy asoslari, yangi tizimning ishlash tartibi tushuntirilishi bilan bir qatorda Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli ijro etilishini taʼminlashga huquqiy-uslubiy koʻmaklashish ekanligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, ijrochilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning aniq amaliy natijalarga erishilishi taʼminlanmasdan, yuzaki bajarilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralar koʻrishlari va ularning oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan taʼsirchan monitoring taʼminlanishi aytib oʻtildi.

Uchrashuvni tashkil etishdan asosiy maqsad qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha aniq masalalar belgilab olish, sohaga xos boʻlmagan, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarni qisqartirish, ortiqcha qogʻozbozlik va majlisbozlikka yoʻl qoʻymaslik yuzasidan vazirlikning takliflarini oʻrganish ekanligi maʼlum qilindi.

Shuningdek, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, xususan, Prezident hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishga doir faoliyati tahlil qilinib, eʼtibor qaratilishi zarur
boʻlgan masalalar haqida fikr almashildi.

Xususan, 2020-yilda kiritilgan loyihalarning 3 tasi reglament talablariga muvofiq taqdim etilmaganligi sababli qaytarilganligi, kiritilayotgan loyihalarda norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish Konsepsiyasi, qonunchilik texnikasi talablariga rioya qilinmayotganligi masalaga jiddiy eʼtibor qaratishni taqozo etishi alohida qayd etib oʻtildi.

Shu bilan birga, Vazirlikka “Ijro.gov.uz” tizimi orqali kelib tushgan 156 ta Prezident hujjatlaridagi 750 ga yaqin topshiriqlarning ijro holati, muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Amaliy uchrashuv yakunida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini tashkil etish va nazoratini olib borishni yana-da yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Kelgusida Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga, xususan, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy koʻmak koʻrsatib borilishi maʼlum qilindi.

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi