Qonunchilik palatasi deputatlari markaz faoliyati, shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlari bilan taʼminlanish darajasi, moddiy texnik bazasi, bolalar onkologiyasi holati va asosiy koʻrsatkichlari, onkopediatrlar bilan taʼminlanish darajasi, bolalarga dispanser nazoratini olib borilishi saviyasi boʻyicha holat bilan tanishdilar.

Bobur Pirimqulov boshchiligidagi markaz shifokor va hamshiralari bilan uchrashib, soha rivojiga qaratilgan takliflari, ularni qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan suhbatlashildi. Eʼtiborlisi, bolalar onkologiyasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlili va oʻzgarishlar deputatlarning eʼtirofiga sazovor boʻldi.

— Bugungi kunda 800 nafardan ziyod bolalar onkologik kasalliklar boʻyicha davolanishdi, – deydi Otabek Karimov. – Birgina 2020-yilning oʻzida 300 nafar bolalarni jarrohlik, kimyoterapiya yoʻli bilan sogʻlomlashtirishga erishildi. Yildan yilga davlatimiz tomonidan onkologik kasalliklarning oldini olish va davolashga qaratilgan koʻplab islohotlar olib borilmoqda. Kimyoterapiya vositalari bilan taʼminlash darajasi ham 80-90 foizga oshganligining oʻzi buning yorqin misol boʻla oladi. Qolaversa, joriy yilning 28-maydagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qarori ham bu borada muhim qadamlardan biridir.

Markaz xodimlari bilan kechgan samimiy muloqotdan soʻng, deputatlar shifoxonada davolanayotgan bir guruh bolalar holidan xabar olishib, ular bilan muloqot qilishdi. Ularga partiyaning esdalik sovgʻalari taqdim etildi. Gulchehra Komiljonova, Shahodat Qoraboyeva, Elyorbek Adhamov, Solihabegim Baxtiyorova, Farangiz Baxtiyorovalar hali yosh boʻlishiga qaramay, xastalik ne ekanligini yaxshi bilishadi. Sogʻlom hayotga qaytish, doʻstlari davrasida boʻlish, taʼlim olish istagida murgʻak vujudi kasallik bilan kurashib kelmoqda.

— Qizim Zunnurabonu 11 yoshda, – deydi onasi Dilnoza Qoziyeva. – boʻyin qismida limfa bezi paydo boʻlganida qoʻrqib ketgandik. Markazda muolajalarni olib boryapmiz. Qizimning koʻzlaridagi quvonchni koʻrib, salomatligi tiklanayotganidan juda xursandman.

Deputatlar bemor bolalar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, ularning faqatgina yotib davolanishi bilan cheklanib qolmasdan, balki ruhiyatini koʻtarishga qaratilgan oʻyinlar oʻtkazish, madaniy hordiq olish, hayotga boʻlgan qiziqishlarini yana-da oshirishga qaratilgan qoʻshimcha sharoitlar yaratish zarurligini taʼkidladilar.

Fraksiya aʼzolariga Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Sherzod Karimov hamrohlik qildi hamda oʻrganishlar davomida partiya dasturlari doirasida tibbiyot sohasini yana-da rivojlantirish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Kamola POLVONOVA,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP Fargʻona viloyat Kengashi matbuot kotibi.