Unda Eron davlat rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan uning saylovlardagi gʻalabasi munosabati bilan yoʻllagan samimiy tabrigi uchun oʻz minnatdorligini bildirdi. Uchrashuv chogʻida bunday yuksak eʼtibor va eʼtirof davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichda davom ettirish uchun muhim omil boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muloqotlarda Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi koʻp tomonlama aloqalarni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy sohalar qatori parlamentlararo hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

I.Raisiyning taʼkidlashicha, Eron rasmiy doiralari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan mintaqa davlatlari bilan oʻzaro hurmat, doʻstlik va birodarlik tamoyillariga asoslangan yaqin qoʻshnichilik aloqalarini yana-da mustahkamlash hamda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.

Shuningdek, Eron Prezidenti Toshkent va Tehron oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlik aloqalariga ijobiy baho berdi.

I.Raisiy fikriga koʻra, Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning ijtimoiy hayotida parlament rolini nihoyatda kuchaytirdi. Kelgusida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar yoʻnalishlardagi hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlashda parlamentlararo munosabatlar muhim oʻrin tutadi.

Samimiy muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Eron munosabatlarini yana-da rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni tomonlarning mavjud salohiyati darajasiga olib chiqish, bu borada, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga doir masalalarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.